FIFA Argentina futbol assotsiatsiyasiga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘atdi

Sport

image

FIFA Argentina futbol assotsiatsiyasiga nisbatan intizomiy ish qo‘zg‘atdi. Bunga Argentina terma jamoasi futbolchilari Jahon chempionatining yarim finalida Angliyani 2:1 hisobida mag‘lub etganidan so‘ng maydonga “Malvina orollari argentinaliklarniki” degan yozuv tushirilgan banner bilan chiqqanligi sabab bo‘lgan. Bu haqda “Sky Sports” jurnalisti Rob Xarris ijtimoiy tarmoqda ma’lum qildi.

Manbaga ko‘ra, FIFA shuningdek, argentinalik futbolchilar Nauel Molina, Leandro Paredes va Tiago Almadaga ham qarshi intizomiy ish ochgan. Ular Ispaniyaga qarshi Jahon chempionati finalidan (qo‘shimcha vaqtdan so‘ng 0:1) keyingi xatti-harakatlari uchun javobgarlikka tortilishi mumkin.

Uchrashuvdan keyin Paredes avval Ispaniya himoyachisi Erik Garsiyaning bo‘ynidan ushlab, keyin esa yarim himoyachi Gavini itarib yuborgan. Keyinchalik uni jamoadoshlari tinchlantirgan. Nauel Molina esa g‘alabani nishonlayotgan ispaniyalik Rodrini yiqitishga uringan.

Ma’lumot uchun, Malvina (Folklend) orollari ikki yirik va qariyb 800 ta kichik oroldan iborat bo‘lib, umumiy maydoni 12 ming kvadrat kilometrdan ortiqni tashkil etadi. Aholisi taxminan 3 200 nafar. Orollar qariyb ikki asrdan buyon Argentina va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi hududiy bahs mavzusi hisoblanadi.

1982 yilning aprel oyida ikki davlat o‘rtasida ushbu orollar uchun qurolli mojaro boshlangan. Urush ikki yarim oy davom etgan va Argentina mag‘lubiyatga uchragan. Janglarda Argentina 649 nafar, Buyuk Britaniya esa 255 nafar harbiy xizmatchisini yo‘qotgan. Argentina hozirgacha BMT mexanizmlari orqali orollar ustidan Buyuk Britaniya suverenitetiga e’tiroz bildirib kelmoqda, ammo tomonlar haligacha murosaga erisha olmagan.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing