Falastinlik talabalar Kolumbiya universitetini kamsitishda ayblab, sudga berdi
Olam
−
12:29 1037 2 daqiqa
Falastinlik talabalar va xodimlardan iborat guruh Kolumbiya universitetini 2023 yil oxiridan beri universitetdagi falastinliklar jamoasiga nisbatan kamsitishga yo‘l qo‘yganlikda ayblab, sudga murojaat qildi. Bu haqda Nyu-Yorkdagi sudga kiritilgan da’vo arizasiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Da’voda universitet falastinlik talabalar va xodimlarni ta’qiblardan yetarlicha himoya qilmagani hamda ularga nisbatan “adolatsiz va bir tomonlama intizomiy muhokamalar” orqali bosim o‘tkazgani ta’kidlangan.
Qayd etilishicha, Kolumbiya universiteti avval ham kamsitishga yo‘l qo‘ygani haqidagi ayblovlarni rad etgan va har qanday nafratni qoralagan. Mahalliy OAV ma’lumotiga ko‘ra, universitet sud jarayoni davom etayotgani sababli ish bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan. “Reuters” so‘roviga ham universitet javob bermagan.
Kolumbiya universiteti va AQSHning boshqa oliy ta’lim muassasalarida Falastinni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar Isroilning 2023 yil oktyabridagi HAMAS hujumidan keyin G‘azoga qarshi harbiy amaliyotlari boshlanganidan so‘ng keng tarqalgan. Namoyishchilar AQSHning Isroilga ko‘rsatayotgan yordamini to‘xtatishni hamda universitetlar Isroilni qo‘llab-quvvatlovchi kompaniyalardan mablag‘larini chiqarishini talab qilgan.
2025 yil may oyida Kolumbiya universiteti universitetning asosiy kutubxonasi faoliyatini falastinliklarni qo‘llab-quvvatlovchi namoyish doirasida to‘xtatgan 65 nafardan ortiq talabani o‘qishdan vaqtincha chetlatgan. Bu voqea universitet AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati bilan muzokara olib borayotgan paytda sodir bo‘lgan.
Tramp ma’muriyati o‘sha davrda Kolumbiya universitetini falastinliklarni qo‘llab-quvvatlovchi namoyishlar vaqtida antisemitizmga yo‘l qo‘yganlikda ayblab, universitetning federal mablag‘larini qisqartirgan edi.
Ayni paytda namoyishchilar, jumladan ayrim yahudiy tashkilotlari, Isroilning G‘azodagi amaliyotlari va Falastin hududlaridagi okkupatsiyasiga qarshi chiqishni antisemitizm bilan tenglashtirish mumkin emasligini ta’kidlab kelmoqda. Ular Falastin huquqlarini himoya qilish ekstremizmni qo‘llab-quvvatlash bilan bir xil emasligini bildirgan.
2025 yil iyul oyida Kolumbiya universiteti federal tekshiruvlarni yakunlash va federal moliyalashtirishning asosiy qismini tiklash evaziga AQSH hukumatiga 200 million dollardan ortiq mablag‘ to‘lashga kelishgan.
Shu bilan birga, so‘z erkinligi tarafdori bo‘lgan tashkilotlar Kolumbiya universitetining namoyishlarga qarshi choralarini tanqid qilgan. Ularning qayd etishicha, namoyishlar davomida talabalar hibsga olingan, o‘qishdan chetlatilgan, universitetdan haydalgan va ayrim holatlarda ularning diplomlari bekor qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yilning oktyabr oyida G‘azo sektori va Iordan daryosining G‘arbiy sohilida o‘t ochish to‘xtatilganidan beri 1200 dan ortiq falastinlik Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirilgani haqida xabar qilingandi.
Live
Barchasi