“Sanjik” so‘nggi so‘zini aytdi
Tahlil
−
07 Oktyabr 1899 2 daqiqa
Bugun, 7 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida “Real Sanjik” taxallusi bilan tanilgan Sanjar Karimovning appelyatsiya ishi bo‘yicha sud jarayoni o‘z yakuniga yetdi. Biroq hukm e’lon qilinishi noma’lum muddatga qoldirildi.
Joriy yilning 8 may kuni Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tuman sudi tomonidan firibgarlik, o‘ldirish bilan tahdid qilish va giyohvandlik vositalari muomalasiga oid moddalar bo‘yicha aybdor deb topilib, 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan Sanjar Karimovning apellyatsiya ishi doirasidagi sud jarayoni yakunlandi. Sudda Sanjar Karimov so‘nggi so‘zini aytdi. Shuningdek, u bugun yana bir bor aybi yo‘qligini bildirdi.
“Men bir narsani – adolatni kutyapman. Ushbu sud jarayonini butun MDHda yashaydigan o‘zbek diasporamiz, Amerikada yashaydigan diasporamiz qanchalik adolatli hukm chiqadi, deb ko‘rib turibdi. Birorta inson men qanaqadir bir milligram narsani chegaradan o‘tkazish, sotish maqsadim borligiga ishonmaydi. Men, 240 ming dollardan voz kechgan inson 400 ming so‘mlik narsani kimga sotaman? Kimga uni tarqataman?” deydi u sud zalida jurnalistlarga.
Karimovning advokatlaridan biri esa holatga izoh berdi. Uning aytishicha, sudyalar sudlanuvchining so‘nggi so‘zini tinglagach, bugungacha yig‘ilgan barcha dalillarni o‘rganib, xolisona baho berish uchun maslahatxonaga kiradi. Bu qonuniy jihatdan to‘g‘ri va maslahatxonada aynan qancha vaqtda ishni ko‘rib chiqish bo‘yicha qonunda hech qanday norma mavjud emas.
Yakunda esa sudyalar maslahatlashuvidan so‘ng hukm chiqarish noma’lum muddatga qoldirildi. QALAMPIR.UZ sud jarayonini kuzatishda davom etadi. Ushbu sud majlisi bo‘yicha reportajni esa to‘liq shaklda QALAMPIR.UZ’ning You tube-kanalida tomosha qilishingiz mumkin.
Umid Sulaymonov
Live
Barchasi