Epshteyn nikohciz munosabatlarim orqali shantaj qilishga uringan – Bill Geyts
Olam
−
25 iyun 3922 3 daqiqa
Microsoft asoschisi Bill Geyts AQSH Kongressi a’zolariga marhum moliyachi va jinsiy jinoyatlarda ayblangan Jeffri Epshteyn uni nikohdan tashqari munosabatlari orqali shantaj qilishga uringanini aytdi. Bu haqda Kongress qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan ko‘rsatma stenogrammasida so‘z boradi.
Avvalroq, texnologiya sohasidagi tadbirkor 10 iyun kuni Vakolatlar palatasining nazorat qo‘mitasi oldida yopiq eshiklar ortida ko‘rsatma bergandi. Suhbat asosan uning 2019 yilda jinsiy jinoyatlar bo‘yicha sud jarayonini kutayotgan vaqtda qamoqxonada vafot etgan Epshteyn bilan munosabatlari haqida bo‘lgan.
Joriy yilning 23 iyun kuni qo‘mita tomonidan oshkor qilingan stenogrammaga ko‘ra, Geyts Epshteynning “niqoblangan” tahdidlari haqida gapirgan. Uning aytishicha, Epshteyn Geytsning nikohdan tashqari munosabatlari haqidagi ma’lumotlardan foydalanib, uni o‘z ta’sir doirasida ushlab qolishni rejalashtirgan. Bu vaqtda Geyts allaqachon Epshteyndan uzoqlasha boshlagan edi.
“Men shantaj qilinmadim, ammo bu elektron xatlarga qarasangiz, janob Epshteynning fikrlash jarayoni aynan shu tomonga ketganini ko‘rish mumkin”, degan Geyts.
Microsoft asoschisi bu yerda AQSH Adliya vazirligi tomonidan yanvar oyida e’lon qilingan Epshteyn ishiga oid hujjatlarni nazarda tutgan. U qo‘shimcha savollarga javob berar ekan, Epshteyn hech qachon unga to‘g‘ridan to‘g‘ri shantaj sifatida baholanishi mumkin bo‘lgan xabar yubormaganini ta’kidlagan.
“U menga shantaj deb atash mumkin bo‘lgan hech qanday xabar yubormagan”, degan u.
Biroq Geytsning fikricha, Epshteyn ayrim elektron xatlar loyihalari orqali uni qanday qilib shantaj qilish mumkinligini mashq qilayotgandek ko‘ringan.
“U go‘yo o‘zi yoki boshqa birovni menga nisbatan qanday qilib shantaj qilish mumkinligiga tayyorlayotgandek edi. Ammo bu xabarlarning hech biri menga yuborilmagan”, degan Geyts.
Epshteynning jinoyatlari haqida bilmaganman – Geyts
70 yoshli milliarder ko‘rsatma berish kuni ochilish bayonotini ham e’lon qilgan. Unda u Epshteynning jinoiy xatti-harakatlaridan xabardor bo‘lmaganini va “hech qachon hech kimga jabr yetkazmaganini” bildirgan.
Fevral oyi oxirida Geyts “The Wall Street Journal” nashriga bergan intervyusida Epshteyn bilan aloqalarini katta xato deb atagan. Shuningdek, u ikki nafar rossiyalik ayol bilan nikohdan tashqari munosabatlarda bo‘lganini tan olgan, ammo Epshteynning faoliyatiga hech qanday aloqasi bo‘lmaganini aytgan.
Geytsning so‘zlariga ko‘ra, uning Epshteyn bilan munosabatlari 2011 yilda boshlangan. Bu Epshteyn voyaga yetmagan qizlar bilan bog‘liq fohishalik ayblovlari bo‘yicha aybini tan olganidan uch yil keyingi davrga to‘g‘ri keladi. U Epshteynning huquqiy muammolaridan xabardor bo‘lganini ham tan olgan. Biroq unga Epshteyn global sog‘liqni saqlash loyihalari uchun milliardlab dollar jalb qila oladigan inson sifatida tanishtirilgan.
“Men bu hukm jinsiy xarakterga ega ekanini bilardim. Ammo tafsilotlarni chuqur o‘rganmaganman. Balki shunday qilishim kerak edi”, degan Geyts.
Qayd etilishicha, hujjatlarda shaxsning nomi tilga olinganining o‘zi uning qonunbuzarlikka aloqadorligini anglatmaydi. Biroq Epshteyn ishiga oid materiallar kamida jinsiy jinoyatchi va uning atrofidagi shaxslar bilan ayrim mashhur jamoat arboblari o‘rtasida muayyan aloqalar mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu shaxslarning ba’zilari keyinchalik bunday munosabatlarni kamsitib ko‘rsatgan yoki umuman inkor etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq yosh qizlar qanday qilib Epshteynning changaliga tushgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi