Jizzaxda fuqaroni shaxsiy suratlari bilan shantaj qilgan tadbirkor ushlandi (video)

3-sahifa

image

Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida fuqaroni shaxsiy hayotiga oid suratlar va yozishmalarini internet hamda qarindoshlariga tarqatish bilan qo‘rqitib, undan 9 million so‘m talab qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.

Aniqlanishicha, 1988 yilda tug‘ilgan, G‘allaorol tumanida yashovchi fuqaro ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. U 1995 yilda Namangan viloyatining Norin tumanida tug‘ilgan, hozirda Jizzax shahrida yakka tartibdagi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi shaxs uning shaxsiy hayotiga oid suratlar va o‘zaro yozishmalar skrinshotlarini internet tarmoqlari hamda yaqin qarindoshlariga tarqatish bilan tahdid qilayotganini bildirgan.

Qayd etilishicha, mazkur materiallarni o‘chirib yuborish va hech kimga tarqatmaslik evaziga undan jami 9 million so‘mlik kredit qarzlarini to‘lab berish talab qilingan.

Olib borilgan tezkor tadbir davomida ushbu shaxs protsessual tartibda ushlangan. Undan daliliy ashyo sifatida videotasvirlar va yozishmalar saqlangan mobil telefon apparati belgilangan tartibda hujjatlashtirib olingan.

Bildirilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atish choralari ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonda shaxsiy foto va videolarni tarqatib yuborish bilan qo‘rqitib, pul talab qilgan uch nafar shaxs ushlangan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing