Endi uylarni “rassrochka”ga olib bo‘lmaydimi?

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda 2027 yildan boshlab uy-joylarni “rassrochka”ga olish imkoniyati bekor qilinishi haqida turli xabarlar tarqaldi. Mazkur masala yuzasidan Adliya vazirligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Prezidentning joriy yilning 14 avgustdagi “Aholiga muddatli to‘lov xizmatlari ko‘rsatilishini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 294-son qarori bilan 2027 yil 1 yanvardan muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi operatorlar faoliyatini tartibga solish belgilangan.

Muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar muddatli to‘lov operatorlari hisoblanadi. Ular maxsus reyestrga kiritiladi va Markaziy bank nazorati ostida faoliyat yuritadi.

Biroq qarorda ko‘chmas mulk operator tomonidan ko‘rsatiladigan muddatli to‘lov xizmati ob’ekti bo‘la olmasligi belgilangan. Ya’ni vositachi-operator orqali uy-joyni “rassrochka”ga olish imkoniyati bo‘lmaydi.

Shu bilan birga, bu quruvchi o‘z uyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sota olmaydi, degani emas.

Qarorning 3-bandi “a” kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.

Shuning uchun xaridorlar avvalgidek quruvchining o‘zidan uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olishi mumkin. Yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi bevosita savdoni taqiqlamaydi.

Bundan tashqari, muddatli to‘lov operatorlari uchun shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.

Shu tariqa, 2027 yildan uy-joyni “rassrochka”ga olish butunlay taqiqlanmaydi. Cheklov aynan operatorlar orqali ko‘chmas mulkni muddatli to‘lov asosida xarid qilishga taalluqli bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2027 yildan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing