Dunsova o‘yindan chiqdi. Sud ham uning da’vosini rad etdi
Olam
−
27 dekabr 2023
5304Bugun, 27 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi Oliy sudi rjevlik jurnalist Yekaterina Dunsovaning Rossiya Markaziy saylov komissiyasiga qarshi da’vosini rad etdi. Bu haqda jurnalistning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Joriy yilning 23 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasi prezidentlikka nomzodini ko‘rsatgan Dunsovaga imzo to‘plashga ruxsat bermadi va buni hujjatlarda aniqlangan xatolar bilan izohladi. Shundan so‘ng Dunsova MSK ustidan sudga murojaat qildi.
Markaziy saylov komissiyasining rad javobidan so‘ng “Yabloko” partiyasini uning nomzodini prezidentlikka ko‘rsatishga chaqirgan Yekaterina Dunsova sudning javobini eshitgach, saylovda boshqa bir kandidat – Boris Nadejdinni qo‘llashini bildirdi.
“Saylov byulletenida tinch kun tartibiga ega kamida bitta nomzod bo‘lishini ta’minlash uchun biz Boris Nadejdinga 100 000 imzo to‘sig‘idan o‘tishga yordam bera olamiz”, deydi Dunsova.
Ma’lumot uchun, Rossiyada prezidentlik saylovlari 2024 yil 15-17 mart kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda amaldagi Prezident Vladimir Putin "o‘zini-o‘zi ko‘rsatgan" nomzod sifatida qatnashmoqda. Rossiya Liberal-demokratik partiyasidan uning rahbari Leonid Slutskiy, Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasidan – Nikolay Xaritonov, "Fuqarolik tashabbusi" partiyasidan – Moskva viloyati deputati Boris Nadejdin, "Yangi odamlar" – Davlat Dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov oliy hukumat lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, Yekaterina Dunsova prezidentlikka o‘z nomzodini e’lon qilganida Ukrainada jangovar harakatlar to‘xtatilishi, demokratik islohotlar va siyosiy mahbuslarning ozod etilishi tarafdori ekanini bildirgandi.