“Chuqur xavotirdaman”. Guterrish Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha bayonot berdi
Olam
−
09 iyun 2636 2 daqiqa
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Yaqin Sharqdagi mojaroning keskinlashishi munosabati bilan yangi bayonot berdi va tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 9 iyun kuni o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
“Men Yaqin Sharqda keskinlikning qaytadan avj olishidan chuqur xavotirdaman. Barcha hujumlar zudlik bilan to‘xtatilishi kerak. Livan, Eron va G‘azo sektoridagi sulhga to‘liq rioya qilinishi lozim.
Hozirda olib borilayotgan diplomatik sa’y-harakatlarga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan har qanday qadamlardan qochish zarur”, deydi BMT Bosh kotibi.
U, shuningdek, Isroilning G‘azo sektoriga olib boruvchi nazorat-o‘tish joylarini yopish qaroridan chuqur tashvishda ekanligini aytgan.
“Butun G‘azo sektori bo‘ylab gumanitar yordamning tezkor, xavfsiz va to‘siqlarsiz harakatlanishini ta’minlash uchun barcha o‘tish joylarini zudlik bilan ochishga yana bir bor chaqiraman.
Xalqaro huquqqa muvofiq, kemalarning suzish huquqi va harakatlanish erkinligi hurmat qilinishi shart”, deydi Guterrish.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har bir tomon xalqaro huquq doirasidagi o‘z majburiyatlariga amal qilishi va tinch aholini himoya qilish uchun barcha ehtimoliy ehtiyot choralarini ko‘rishi lozim.
“Yaqin Sharqdagi mojarolarning harbiy yechimi mavjud emas. Oldinga boriladigan yagona yo‘l – bu muloqot va muzokaralardir.
Men barcha manfaatdor tomonlarni mintaqaviy hamda xalqaro tinchlik va xavfsizlikka xizmat qiluvchi diplomatik yechimlar ustida ishlashga chaqiraman”, deydi BMT Bosh kotibi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yil 28 fevralda urush boshlanganidan beri 37-marta Eron bilan urushni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimga “ikki-uch kun ichida” erishilishi mumkinligini ma’lum qilgani haqida xabar berilgan edi.