Bo‘ysunmas Panjsher toliblarning keskin talabiga javob qaytardi
Olam
−
22 avgust 2021
56505Tog‘li Panjsher viloyati “Tolibon”ga taslim bo‘lmaydi, uning aholisi qarshi kurashishga tayyor. Bu haqda toliblarga qarshilik ko‘rsatish lideri Ahmad Mas’ud ma’lum qildi. U 2001 yilda vafot etgan “Tolibon”ga qarshi “Shimoliy ittifoq” rahbari Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li hisoblanadi.
“Panjsher toliblarga taslim bo‘lmaydi. Agar ular Panjsher ustidan nazorat o‘rnatmoqchi bo‘lsa, biz kurashishga tayyormiz. SSSRga qarshilik ko‘rsatganmiz, toliblarga ham qarishilik qila olamiz”, deydi Mas’ud “Al-Arabiya” telekanaliga bergan intervyusida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, “Tolibon” rasmiylari Panjsher bilan muzokara olib borishni rad etgan.
“Tolibon” urushni tugatishga qaratilgan muloqotga kirishdan bosh tortdi. Biz Afg‘onistondagi urushni tugatmoqchimiz va muloqotga intilmoqdamiz. “Tolibon” agar shunday yo‘l tutishda davom etsa, uzoqqa bormaydi. Biz nafaqat Panjsher uchun, balki butun Afg‘oniston uchun ham urishishga tayyormiz”, deydi Mas’ud.
Joriy yilning 19 avgust kuni ingliz nashrlari AQSH va Britaniya harbiylari tomonidan yaxshi o‘qitilgan jangchilar va minglab qurollangan qo‘shin hamda general Abdul-Rashid Do‘stum otryadlari Panjsher tomon yordamchi kuch sifatida yo‘nalganini yozgandi. Bundan tashqari, Panjsherga Afg‘onistonning birinchi vitse-prezidenti Amrulloh Solih hamda Marshal Do‘stumning o‘g‘li ham kelgan.
Eslatib o‘tamiz, “Tolibon” bugun, 22 avgust kuni Afg‘onistonning Panjsher viloyatidagi qarshilik kuchlariga hududni harakat nazoratiga topshirish uchun to‘rt soat vaqt berganini aytib, ogohlantirgandi. Avvalroq toliblar ham Panjsher bilan muzokaraga kirishmoqchi bo‘lgandi. Bunda Rossiyaning Afg‘onistondagi elchisi Dmitriy Jirnov OAVga “Tolibon” qon to‘kishni istamasligi, aksincha Ahmad Mas’ud bilan kelishib olmoqchiligini ma’lum qilgandi. Muzokaralar o‘z natijasini bermagan ko‘rinadi.
Panjsher — “Tolibon”ga bo‘ysunmagan yagona viloyat
Ushbu viloyat Afg‘onistoning sharqida joylashgan bo‘lib, u yerda taxminan 150 ming aholi yashaydi. Qayd etish kerakki, viloyatning 98 foiz aholisi etnik tojiklardan tashkil topgan. Panjsherda “Tolibon”ga qarshi kuchlar to‘planayotgani ham aytilmoqda va hozirda ushbu provinsiya toliblarga qarshilik ko‘rsatish markazi bo‘lishi taxmin qilinyapti.
Bu yerda Afg‘onistonning bir qator nufuzli siyosiy figuralari jamlangan: mamlakatning 1992-1996 yillardagi Mudofaa vaziri, mashhur “dala qo‘mondoni” Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud, birinchi vitse-prezident Amrulloh Solih, Marshal Abdul-Rashid Do‘stum hamda uning o‘g‘li Yormuhammad Do‘stum.
20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH
2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi.
Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi
Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi