Bosh vazirga bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha senator so‘rovi yuborildi

Jamiyat

−

image
O‘zbekistonda 4 yilda bolalarning nomusiga tegish bo‘yicha 445 ta ish qo‘zg‘atilgan – deputat (video) north_east

O‘zbekistonda 4 yilda bolalarning nomusiga tegish bo‘yicha 445 ta ish qo‘zg‘atilgan – deputat (video)

Pedofillar uchun umrbod qamoq: qonun loyihasi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi north_east

Pedofillar uchun umrbod qamoq: qonun loyihasi tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

Bosh vazir Abdulla Aripovga bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish masalasi bo‘yicha senator so‘rovi yuborildi. Bu haqda Oliy Majlis Senati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish, bolalarni har qanday tazyiq va zo‘ravonlikdan asrash hamda voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan sohalarga zo‘ravonlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan shaxslarning kirib kelishining oldini olish borasida qonunchilikda qator mexanizmlar belgilangan.

Jumladan, 2023 yil 11 aprelda qabul qilingan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan alohida toifadagi shaxslarning ta’lim, tarbiya, bolalar sog‘lomlashtirish, sport va ijodiy tashkilotlarida ishlashi hamda bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlangan hamda bunday shaxslarning reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi belgilab berilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 3 martdagi PF-33-sonli farmoni bilan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi”da sog‘liqqa, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarga oid maxsus reyestr yuritish tizimini takomillashtirish, ularni monitoring qilish hamda voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan tashkilotlarga reyestrdagi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini yaratish vazifalari belgilangan.

Ammo amaliyotda ushbu talablarning ijrosi, jumladan, reyestrdagi ma’lumotlardan foydalanish va voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan tashkilotlarda tegishli nazorat mexanizmlarining qo‘llanilishi yuzasidan qator masalalar mavjud.

Shu munosabat bilan senator Malika Qodirxonova O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovga senator so‘rovi yuborgan.

So‘rovda sog‘liqqa, jinsiy erkinlikka, oilaga, yoshlarga va axloqqa qarshi jinoyatlar sodir etgan shaxslarga oid maxsus reyestrning holati va undan amaliyotda foydalanish darajasi, voyaga yetmaganlar bilan ishlaydigan davlat organlari va tashkilotlar tomonidan reyestrga oid ma’lumotlarni olish uchun yuborilgan so‘rovlar soni va natijalari, shuningdek, reyestrga kiritilgan shaxslarning mehnat faoliyati bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ma’lumot berish so‘ralgan.

Shuningdek, aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etish va bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish mexanizmlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida asoslantirilgan tushuntirishlar ham olish nazarda tutilgan.

Namangandagi bog‘chada fojia

Avvalroq, Namangan viloyatidagi bog‘chada ombor mudiri 5 yashar tarbiyalanuvchini zo‘rlagani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat yuzasidan Uchqo‘rg‘on tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan joriy yilning 12 sentyabr kuni Jinoyat kodeksining 118-moddasi (Nomusga tegish) 4-qismi va 112-moddasi (O‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatni sodir etishda gumonlanayotgan K. M. protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan sud tomonidan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Bundan tashqari, yshbu voqea ortidan O‘zbekistondagi bog‘chalarda xodimlarni tekshirish boshlangandi hamda yuz bergan ko‘ngilsiz holatni atroflicha o‘rganish, mas’ullarning xizmat vazifasiga loyiqligini ko‘rib chiqish bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ishchi guruh tuzilgandi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga taqdimnoma kiritgan. Mazkur holat bo‘yicha tergovni Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev shaxsan nazoratga olgan.

Shuningdek, Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 5 yashar qizni zo‘rlagan ombor mudiriga maksimal og‘ir jazo berilishini bildirgan edi. Namangandagi 5 yashar qizaloq bilan bog‘liq fojia ortidan uning oilasi boshqa shaharga ko‘chirilib, ularga uy-joy va zarur reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilishi ham ma’lum qilingan. O‘zbekistonda bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikni keskin kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilgan edi. 

O‘zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Namanganda qizaloqqa qilingan zo‘ravonlik ortidan hodisaga munosabat bildirib, bolalar taqdiriga befarq, o‘z vazifasiga mas’uliyatsiz munosabatda bo‘lgan insonlarning ta’lim tizimida ishlashiga yo‘l qo‘yilmasligini bildirgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing