Armaniston eski o‘yinni o‘ynayapti – Baku Yerevanni provakatsiyalarning javobi og‘ir bo‘lishi bilan ogohlantirdi
Olam
−
30 Sentabr 2022
2974Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida chegaradagi qurolli to‘qnashuvlarni bartaraf etish borasida yana aloqalar olib borilayotgan, navbatdagi uchrashuvlar rejalashtirilgan va xalqaro vositachilarning mintaqaga tashrifi kutilayotgan bir paytda Armaniston eski o‘yinni o‘ynab, odamlarni o‘zining zaif siyosati qurboniga aylantirmoqda. Bu haqda kecha, 29 sentyabr kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tarqatilgan navbatdagi bayonotda so‘z boradi.
Gap shundaki, joriy yilning 28 sentyabr kuni Armaniston Tashqi ishlar vaziriligi Ozarbayjon qurolli kuchlarining Armaniston Respublikasi suveren hududida noqonuniy joylashgan bo‘linmalari minomyotlar va yirik kalibrli qurollardan foydalanib, o‘t ochishni to‘xtatish tartibini yana qo‘pol ravishda buzgan holda, Armaniston-Ozarbayjon chegarasining sharqiy yo‘nalishida o‘t ochgani va oqibatda Armaniston tomonidan uch kishi halok bo‘lgani haqida axborot tarqatdi.
“Bu Armaniston tomonining Ozarbayjon kuch ishlatishni davom ettirish va o‘zining maksimalistik siyosatini olib borish niyatida ekanidan qo‘rqishini tasdiqlaydi”, deyiladi bayonotda.
O‘z navbatida Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi ham qurolli to‘qnashuvlarda Armanistonni ayblab, Baku sulh shartlarini bajarmayotgani haqidagi gaplarni “iddao” deb atadi.
“Armaniston Tashqi ishlar vazirligining Ozarbayjon tomoni sulh rejimini buzgani haqidagi asossiz bayonoti, shuningdek, ushbu mamlakat Bosh vazirining ijtimoiy tarmoqdagi akkauntida Ozarbayjonga qarshi soxta ayblovlar Armaniston mintaqadagi vaziyatni keskinlashtirishni maqsad qilganidan dalolat”, deyiladi rasmiy Baku bayonoti avvalida.
Ozar tomonining qayd etishicha, Ozarbayjon Respublikasi Mudofaa vazirligi avvalroq ma’lum qilganidek, 28 sentyabr kuni soat 18:00 atrofida Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon armiyasining Kalbajar viloyati yo‘nalishidagi bo‘linmalariga qarata o‘t ochgan va oqibatda Ozarbayjon armiyasining harbiy xizmatchisi og‘ir yaralangan. Shu tariqa, arman tomonining o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzgan holda sodir etgan provokatsiyasiga javoban Ozarbayjon armiyasi tegishli choralar ko‘rgan.
“Armaniston tomonining an’anaviy xarakter kasb etgan provokatsiyalari oliy darajadagi navbatdagi uchrashuv arafasida ataylab sodir bo‘lganiga shubha yo‘q. Eslatib o‘tamiz, Armaniston joriy yilning 13 sentyabr kuni soat 9:00 da Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti sammiti arafasida erishilgan o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzgan va keskinlikni ataylab oshirib, 36 soat davomida o‘z provokatsiyalarini davom ettirgan. Hozir ham ikki davlat o‘rtasida yana aloqalar bo‘layotgan bir paytda, navbatdagi uchrashuvlar rejalashtirilgan va xalqaro vositachilarning mintaqaga tashrifi arafasida Armaniston xuddi shu o‘yinni o‘ynab, odamlarni o‘zining zaif siyosati qurboniga aylantirmoqda. Bu Armanistonning muzokara jarayonini buzish uchun navbatdagi bahonasi ekanligi aniq”, deyiladi Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi saytida.
Ta’kidlanishicha, Armaniston rahbariyati mintaqadagi vaziyatni keskinlashtirmasligi, muzokaralar jarayoniga izoh qoldirmasligi, xalqaro hamjamiyatni ayblash amaliyotini to‘xtatib, muzokaralar stoliga o‘tirishi kerak.
“Ozarbayjon Armanistondan farqli o‘laroq, mintaqada keskinlik yaratishdan manfaatdor emas. Biroq mamlakatimizga qarshi har qanday provokatsiyaning oldi olinadi”, deyiladi bayonot so‘ngida.
Armaniston tomoni esa o‘z bayonotida xalqaro hamjamiyatni Ozarbayjonning harbiy-siyosiy rahbariyatiga samarali choralar ko‘rish va tegishli mexanizmlarni qo‘llash orqali o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qat’iy rioya qilish, Ozarbayjon Qurolli Kuchlarini Armaniston Respublikasining suveren hududidan olib chiqish uchun bosim o‘tkazishga chaqirgan.
“Armaniston Respublikasi BMT Nizomida nazarda tutilgan barcha vositalar yordamida o‘z suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishda davom etadi”, deyiladi TIV bayonotida.
Joriy yilning 13 sentyabriga o‘tar kechasi Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari mamlakatning aholi punktlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Bakuning qayd etishicha, bu Yerevanning provokatsiyalariga javobdir. Keyinroq Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berdi.
To‘qnashuvlarda Ozarbayjon tomonidan 77 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘lgani aytildi.
Qorabog‘ urushi
1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi. Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.