Trampning variantlari Zelenskiyni qulata oladimi?
Tahlil
−
07 mart
3262Trampning odamlari Ukrainada Zelenskiyning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan muqobil nomzodlar bilan aloqa qilyapti. Bu haqda dastlab “Politico” nashri xabar bergandi. Keyinchalik mazkur xabarni ukrainalik siyosatchilarning o‘zlari ham taсдиқлади.
Tramp jamoasi Ukraina aholisi Rossiya bosqini va korrupsiyaning yuqori darajasidan charchagan, degan taxminlar bilan Zelenskiyning hokimiyati oxirlab borayotganiga ishonayotgani aytiladi. So‘nggi yillarda Ukraina siyosatida yirik figuralar sifatida ko‘riladigan Yuliya Timoshenko va Pyotr Poroshenko mazkur aloqalarga izoh berdi. Ammo ular amaldagi hokimiyatga qarshi biron bir gap aytmagan. Aksincha bosqin sharoitida prezidentlik saylovlari haqida gap-so‘z bo‘lmasligi va AQSH ma’muriyati bilan suhbatlarda ehtimoliy saylovlar masalasi ko‘tarilmaganini aytishdi. Ammo shunday bo‘lsada, Tramp ma’muriyatining Ukraina prezidentligi uchun muqobil variantlar bilan muzokaralari baribir shubhali. Ayniqsa bunday gap-so‘zlar Zelenskiy va Trampning Oq uydagi tortishuvidan keyin chiqayotgani qator savollarni o‘rtaga tashlashi tabiiy. Quyida shular haqida atroflicha so‘z yuritiladi.
Nimalar haqida gaplashilgan?
AQSHning mazkur qadami Zelenskiyni ag‘darish kampaniyasi sifatida talqin qilingani ortidan Ukraina muxolifati yetakchilari Oq uy bilan o‘rtalarida bo‘lgan muzokaralar amaldagi davlat rahbarini hokimiyatdan yiqitish rejasi emasligini ta’kidlashdi. Ukraina muxolifati yetakchilari Donald Tramp atrofidagilar bilan muzokaralar o‘tkazganliklarini tasdiqladi, biroq ular Oq uyning Vladimir Zelenskiyni hokimiyatdan chetlatish rejasining bir qismi ekanini rad etdi.
Sobiq prezident Pyotr Poroshenko Trampning urush davrida saylov o‘tkazish haqidagi talabiga qarshi ekanini ma’lum qildi. 2019 yilgi prezidentlik saylovida Zelenskiyga sensatsion tarzda imkoniyatni boy bergan Poroshenko keyingi saylov harbiy holat tugagandan keyingina o‘tkazilishi kerakligini aytdi.
AQSH bilan aloqaga kirishgan va Zelenskiyga raqib bo‘lishi mumkin bo‘lgan yana bir siyosatchi, Ukrainaning sobiq bosh vaziri Yuliya Timoshenko ham Poroshenkoning so‘zlarini takrorlab, bosqin davom etayotgan bir paytda saylovlarga qarshi ekanini aytdi. Timoshenkoning so‘zlariga ko‘ra, bu muzokaralar “tinchlikni ta’minlashga yordam beradigan ittifoqchilar bilan aloqalarning” bir qismidir.
“Politico”ning yozishicha esa, ushbu maxfiy muhokamalar Oq uy tomonidan Zelenskiyni lavozimidan chetlashtirishga urinish doirasida bo‘lib o‘tgan va unda Tramp jamoasining to‘rt nafar yuqori martabali mulozimi ishtirok etgan. Bu muzokarlarda AQSH vakillari Ukrainada yaqin kelajakda saylov o‘tkazish imkoniyati bor yoki yo‘qligi masalasini o‘rtaga chiqargani aytilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, yuqorida ta’kidlanganidek, ular Ukraina Prezidentining keyingi saylovlarda mag‘lub bo‘lishiga ishonmoqda. Ammo asl holat qanday? Bugun Zelenskiy hokimiyati ular taxmin qilganchalik zaiflashganmi? Raqamlar bu haqda qayerga va nimaga ishora qilyapti?
Ukrainaliklarning undan hafsalasi pirmi?
Ba’zi fikrlar va so‘rovlar AQSHning yangi ma’muriyati bu borada “chuchvarani xom sanagani”ga ishora qilyapti. Britaniyaning saylovlar bo‘yicha sorovnomalar o‘tkazishga ixtisoslashgan “Survation” tadqiqot markazining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Zelenskiy Ukrainadagi eng mashhur siyosatchi bo‘lib qolmoqda. Hatto Oq uydagi janjal, buning ortidan yuz bergan diplomatik inqiroz va Trampning so‘nggi paytlarda unga qilgan ritorik hujumlari uning zarariga emas, aksincha foydasiga ishlagan. Mazkur haftadagi “Survation” tadqiqot markazi so‘rovnomasiga ko‘ra, Zelenskiyning reytingi 44 foizni tashkil etadi. Bu Trampning bundan bir necha kunlar ilgari Zelenskiyning reytingi haqida aytgan foizdan 10 barobar ko‘pdir. Huddi shu so‘rovnoma natijasiga ko‘ra, AQSH vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani iddao qilingan Poroshenko 10 foiz, Timoshenko esa 5,4 foizlik ko‘rsatkichga ega. Hatto potensial nomzodlar orasidagi yana bir ehtimoliy variant, Ukraina Qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni, ayni damda esa mamlakatning Buyuk Britaniyadagi elchisi Valeriy Zalujniy ham Zelenskiydan 20 ball ortda qolgan. Ammo u shu kungacha o‘tkazilgan boshqa so‘rovlarda Zelenskiydan ancha yuqori reytingda kelayotgandi. Shunday bo‘lishiga qaramay, Qurolli kuchlarning sobiq rahbarining hozirgi xatti-harakatlari u hokimiyat uchun kurashga intilmayotgandek tassurot uyg‘otmoqda. Chunki Zalujniy ayni damda Tramp ma’mutiyatining ashaddiy tanqidchisiga aylangan. U o‘tgan kuni Trampni G‘arb birligini buzishda aybladi va bugun AQSH Yevropa xavfsizligi borasida o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortayotgani tufayli yaqin kelajakda NATOning yo‘q bo‘lib ketish xavfi haqida ogohlantirdi.
AQSH Ukrainaning kuchsiz muxolifati bilan muzokaralar boshlagani va uning bu qadami hech qanday natijaga olib kelmasligi ta’kidlanmoqda. Xususan, Kiyev iqtisod maktabi direktori, iqtisodiy taraqqiyoy, savdo va qishloq xo‘jaligi vazirligining sobiq rahbari Timofey Milovanov Tramp mamuriyati Poroshenko va Timoshenko bilan gaplashganini ularning Ukraina ichidagi holatdan umuman bexabar ekanining yaqqol isboti deya ta’kidladi. Ammo Poroshenko va Timoshenkoni imkoniyatlari ayni damda juda pastligiga qaramay, AQSH vakillari ular bilan aloqa o‘rnatganining asosiy sababi shundaki, Oq uy bugun Ukraina prezidentligiga asosiy nomzodlar orasida aynan ulargina AQSH bilan munosabatlarda egiluvchan va murosaga kelishga moyil deb hisoblamoqda. Chunki asosiy nomzodlardan biri Zalujniyning bugungi pozitsiyasi qanday ekani yuqorida aytildi. Agar Trampda rostdan ham Zelenskiyni qulatish istagi bo‘lsa, bugun unda shu ikki nomzoddan boshqa variantlar yo‘q.
Zelenskiyni qulatish haqida AQSHdan ba’zi signallar
Tramp vakillari Zelenskiyga, agar u AQSHning bosqinni tezroq to‘xtatish rejasini to‘liq qo‘llab-quvvatlamasa, iste’foga chiqishni taklif qilmoqda. Ko‘pchilikka ma’lum bo‘lganidek, Trampning biron bir xavfsizlik kafolati, jumladan Ukrainaga qo‘shin yuborishsiz uning mineral boyliklariga ega chiqish istagi bu rejaning asosiy qismidir. Oy uyda o‘zini huddi o‘z uyidagidek his qilayotgan va Oval kabinetni “bolalar maydonchasi”ga aylantirgan Ilon Mask ham Zelenskiy hokimiyat ketishi lozimligini ochiq targ‘ib qilmoqda. Uning saylovlar o‘tkazilishi va bunda Zelenskiy mag‘lub bo‘lishiga ishonchi komil.
Avvalroq esa AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson Oq uydagi janjaldan so‘ng, Zelenskiyga tahdidli messej yo‘lladi. U Ukraina Prezidenti “o‘ziga kelib, minnatdorlik bilan” muzokaralar stoliga qaytishi yoki boshqa birovga hokimiyatni topshirishi kerak degan bayonot bilan chiqdi. Jonsonning aytishicha, AQSH va Ukraina o‘rtasidagi noyob yer metallari bo‘yicha kelishuv xavfsizlik kafolatlarini o‘z ichiga oladi va agar imzolansa, shartnoma Ukraina uchun “ma’lum darajadagi xavfsizlik”ni ta’minlaydi. Uning aytishicha, kelishuv imzolangandan so‘ng Ukraina AQSH bilan iqtisodiy hamkorlikka kirishadi, Vashington esa har doimgidek o‘z manfaatlari va sarmoyalarini himoya qiladi. Sodda qilib aytganda, Jonson Ukraina uchun asl xavfsizlik kafolati u yerda AQSH qo‘shinlarining bo‘lishi emas, balki AQSH sarmoyasining mavjudligida, degan qarashni ilgari surdi. Vitse-prezident Jeyms Devid Vens ham aynan shu fikrni takrorlagandi. Yevropa mamlakatlari Londonda favqulodda sammit tashkil qilib, Ukrainaga tinchlikparvar qo‘shin kiritishni muhokama qilishi fonida Vens “bir necha 10 yilliklar ichida hech bir harbiy harakatda qatnashmagan qaysidir davlatlarning qo‘shinlaridan ko‘ra, AQSHning Ukrainadagi sarmoyasi rasmiy Kiyev uchun eng kuchli xavfsizlik kafolati” bo‘lishini aytgandi.
Zelenskiy qulashi mumkinmi?
2019 yilgi prezidentlik saylovi ikki roundga cho‘zilgandi. Birinchi raundda ukrainaliklar va dunyoga “Xalq xizmatchisi” seriali orqali tanilgan yangi nomzod Vladimir Zelenskiy sobiq prezident Pyotr Poroshenkodan ikki barobar farq bilan ustun kelib ikkinchi bosqichga favorit sifatida o‘tishga muvaffaq bo‘ldi. O‘rtadagi farq ancha katta bo‘lib, 30 foizga 15 foizni tashkil qilardi. Ikkinchi raundda esa ovozlar foizi o‘rtasidagi farq yanada kattalashib ketdi. Zelenskiy ukrainalik saylovchilarning 72 foiz ovozini olgan holda Pyotr Poroshenkodan 3 barobar farq bilan o‘zib ketib, mamlakat Prezidentiga aylandi.
O‘sha yilgi parlament saylovlari ham u uchun juda omadli keldi. O‘sha paytda asos solinganiga endi 1 yil to‘lgan Zelenskiyning “Xalq xizmatchisi” partiyasi yoshi o‘zidan ancha katta bo‘lgan partiyalarni to‘liq tormor qildi. 450 o‘rinli Oliy Radaning 235 ta o‘rni “Xalq xizmatchisi” partiyasi tomonidan band qilindi. Bu uzoq yillik siyosatchilar, jumladan Yuliya Timoshenko va Pyotr Poroshenko uchun qaqshatqich mag‘lubiyat edi.
Bugun ularning fraksiyasi Oliy Radada juda kam o‘rinlarga ega. Xususan, Poroshenkoga qarashli “Yevropa birdamligi” partiyasi Ukraina parlamentida 27 ta o‘ringa ega bo‘lsa, Timoshenkoning “Batkivina” partiyasi undan ham kamroq, aniqrog‘i 24 ta joyni egallagan, xolos. Bundan tashqari, AQSH bilan doimiy mustaqil muloqotda bo‘lishi aytiladigan Aleksandra Ustinova boshchiligidagi “Golos” muxolifat fraksiyasi ham Oliy Radada atigi 20 ta o‘rinni band qilgan. Bular Ukrainada Zelenskiyga raqobat tug‘dirishi mumkin bo‘lgan asosiy guruhlardir. Lekin yuqorida keltirilgan raqamlardan ko‘rinib turibdiki, ularning Oliy Radadagi o‘rinlari umumiy qilib qo‘shib hisoblangan taqdirda, Zelenskiyning “Xalq xizmatchisi” partiyasining yarmi tugul, hatto 3/1 qismiga ham yetmaydi. 235 ga 71.
Saylovlarga keladigan bo‘lsak, u 2024 yildayoq o‘tkazilishi kerak edi. Ammo bosqin ostidagi mamlakatda bunday ulkan siyosiy jarayonni o‘tkazish imkonsiz. Shu bois Rada 2023 yildayoq bosqin tugagandan keyingina saylovlar o‘tkazilishi haqida memorandum qabul qildi. Konstitutsiyaga ko‘ra, mamlakatda erkin demokratik saylovlar harbiy holatdan keyin 180 kun ichida kechiktirilmay o‘tkazilishi kerak. Ana o‘shandagina Zelenskiyning qolishi yoki ketishi ma’lum bo‘ladi.
Bugungi AQSH ma’muriyati esa bosqin va korrupsiya tufayli uning legitimligi jiddiy shikastlanganiga ishonmoqda. Ammo Zelenskiyning reytingi borasida Tramp ma’muriyati qaysi manbalardagi ma’lumotlarga asoslanayotgani Trampning og‘zidan 4 foiz degan so‘z chiqqanidan ma’lum. Asl holat esa mutlaqo boshqacha bo‘lishining ehtimoli yuqori. To‘g‘ri, ayni damda ko‘pchilik so‘rovlarga ko‘ra, Zelenskiyning imkoniyati Valeriy Zalujniydan past baholanyapti. Biroq bugun unga faqat Zalujniy raqobatchilik qilishi mumkin. Tramp ma’muriyati umid bog‘layotgan Poroshenko yoki Timoshenko emas. Ammo baribir Zelenskiy ikkinchi muddatga saylanish uchun katta imkoniyatlarni saqlab qolmoqda. Chunki Zelenskiy Rossiya bosqinining ilk kunlarida, ko‘pchilik taxmin qilganidek, mamlakatni tashlab qochmadi. G‘arbning yetakchi mamlakatlari tomonidan taklif qilingan siyosiy boshpanalarga qo‘l siltagani bugun ko‘pchilikka ma’lum. Ko‘p ehtimol shu faktorning o‘zi keyingi prezidentlik saylovlarida uning ustunligini ta’minlashga yetarlicha yordam berishi mumkin.
LiveBarchasi
Trenddagilar

