Afg‘onistondagi 12 yillik urush qurbonlari soni ma’lum bo‘ldi
Olam
−
20:23 1793 2 daqiqa
2009 yilning yanvaridan 2021 yilning avgustigacha bo‘lgan davrda Afg‘onistondagi qurolli nizo paytida kamida 40 ming tinch aholi halok bo‘lgan. Bu haqda BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasi (MOONSA) hisobotida so‘z boradi.
“MOONSA hisob-kitoblariga ko‘ra, 2009 yil yanvardan (hisob-kitoblar boshlangan vaqtdan) 2021 yil 15 avgustda “Tolibon” hokimiyatga kelguniga qadar qurolli nizo oqibatida 40 ming atrofida tinch aholi halok bo‘lgan va 77 mingdan ortig‘i jarohat olgan”, deyiladi hujjatda.
BMT mutaxassislari surishtiruv doirasida nizoning 195 nafar jabrlanuvchisi va ularning yaqinlari bilan so‘rov o‘tkazgan. So‘rovda qatnashganlarning 95 foizi sodir bo‘lgan voqealar sababli psixologik jarohatlar, depressiya yoki xavotir alomatlariga duch kelganini ma’lum qilgan, nizoda omon qolganlarning 58 foizi esa jismoniy zo‘ravonlikka duch kelgan.
O‘z ehtiyojlari haqidagi savollarga javob berar ekan, nizo jabrlanuvchilari moliyaviy kompensatsiya olishni (81 foiz), adolatli sud muhokamasini (48 foiz) va kelajakda bu kabi qonunbuzarliklarning oldini olish choralarini (47 foiz) asosiy talab sifatida ko‘rsatgan.
Ma’lumot uchun, 2021 yil 14 aprelda o‘sha paytda ASHQ Prezidenti lavozimini egallab turgan Jo Bayden Amerika tarixidagi eng uzoq davom etgan xorijiy harbiy kampaniyaga aylangan Afg‘onistondagi operatsiyani yakunlash bo‘yicha qaror qabul qilganini e’lon qilgandi. AQSH ushbu urushni 2001 yil oktyabr oyida boshlagan edi. Operatsiya avj olgan 2010–2013 yillarda Afg‘onistondagi G‘arb kuchlarining soni 150 ming kishidan ortgan. Amerika qo‘shinlarini olib chiqish 2021 yil may oyida boshlangan.
“Tolibon” harakati Qo‘shma Shtatlar qo‘shinlarini olib chiqish niyatini e’lon qilganidan keyin Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish bo‘yicha keng ko‘lamli operatsiyani boshladi. 2021 yil 15 avgust kuni Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatdan qochib ketdi, toliblar esa Qobulga jangsiz kirib bordi. AQSH harbiy xizmatchilari 2021 yil sentyabr oyi boshiga kelib Afg‘onistonni to‘liq tark etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq so‘nggi uch yil ichida Afg‘onistonga 6 milliondan ortiq qochqin va migrant qaytib borgani haqida xabar berilgan edi. Ularning ommaviy ravishda qaytishi shusiz ham uy-joy, infratuzilma va asosiy xizmatlar tanqisligi sezilayotgan mamlakat shaharlari hamda aholi punktlariga jiddiy yuk bo‘lmoqda.
Live
Barchasi