60 kunlik sulh: AQSH va Eron so‘nggi pallada yangi kelishuvga erishdi
Olam
−
19:05 1441 2 daqiqa
Vashington va Tehron joriy yil 17 avgustda muddati tugaydigan 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirishga kelishib oldi. Bu haqda Eron hukumatidagi manbalarga tayanib, “Anadolu” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, tomonlar vositachilarga bitimni uzaytirishga tayyor ekanliklarini tasdiqlagan. Bugungi kunda 17 avgustdan so‘ng o‘t ochishni to‘xtatish rejimining aniq muddatlarini belgilash bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda.
Pokiston vositachiligida joriy yilning 18 iyun kuni AQSH va Eron Islomobodda anglashuv memorandumini imzolagan edi. Bu ikki tomonlama nizoni hal qilish yo‘lidagi birinchi rasmiy qadam bo‘ldi. Hujjat bir qator asosiy kelishuvlarni mustahkamlaydi: harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, 60 kunlik muzokaralarni boshlash, AQSH tomonidan Eronga qo‘yilgan sanksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilish, Hormuz bo‘g‘izida kemalar qatnovini qayta tiklash hamda Eron yadro dasturi istiqbollarini muhokama qilish. Shu bilan birga, Eron yadro qurolini ishlab chiqishdan voz kechishini tasdiqladi, AQSH esa cheklov choralarini yumshatish va Eronga muzlatilgan aktivlardan foydalanish imkoniyatini qaytarish bo‘yicha o‘z zimmasiga majburiyat oldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘z maslahatchilari bilan yopiq muhokamalar chog‘ida Eron bilan nizoni yakunlashga va to‘laqonli yadroviy bitim tuzmasdan turib g‘alabani e’lon qilishga tayyorligini bildirgan edi. AQSH yetakchisi bunday qaror uchun asosiy talab sifatida Hormuz bo‘g‘izining to‘liq ochilishini keltirdi. Shu bilan birga, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) bosh qo‘mondoni maslahatchisi brigada generali Muhammad Rizo Nag‘diy Vashington bilan qurolli nizo Donald Trampning prezidentlik muddati yakunigacha uzaytirilishi mumkinligini ma’lum qildi.
Bungacha Eron va Ummon Hormuz bo‘g‘izi orqali yangi dengiz yo‘llari bo‘yicha kelishuvni muvofiqlashtirishning yakuniy bosqichida turgani xabar qilingan edi. Shu bilan birga, Tehron AQSH bir qator talablarni bajarmagunicha, jumladan, tovon puli to‘lamagunicha, sanksiyalarni bekor qilmagunicha va harbiy tahdidlardan voz kechmagunicha kemalarning to‘siqsiz harakatini qayta tiklashdan bosh tortmoqda.
Live
Barchasi