Jonson “Tolibon” hokimiyatini tan olish shartini aytdi
Olam
−
30 avgust 2021 9107 2 daqiqa
G‘arb davlatlari “Tolibon” hokimiyatini diplomatik ravishda tan olinishi mumkin, biroq buning uchun harakat bir necha shartlarni bajarishi kerak. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson toliblarning Afg‘onistondagi hukmronligi haqida gapirib, shunday fikr bildirdi.
“Agarda Qobuldagi harakat yangi tartib tan olinishini yoki muzlatilgan milliardlar blokdan chiqarilishini istasa, Afg‘onistonni tark etmoqchi bo‘lganlar xavfsizligini ta’minlashi kerak. Shuningdek, ayollar va qizlar huquqini hurmat qilishi va Afg‘onistonni global terrorizm inkubatori bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi zarur, chunki bu mamlakat uchun dahshatli bo‘ladi”, deydi Jonson.
Bosh vazirning so‘zlariga ko‘ra, Britaniyaning ittifoqdoshlari Amerika, Yevropa va butun dunyo “Tolibon”ning aytganlari emas, balki qilgan ishlariga asosan u bilan hamkorlik qiladi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida AQSH boshliq xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistonni tark etishni boshlashi bilan “Tolibon” harakati hukumat nazoratidagi hududlarni egallab ola boshladi. Avgust oyiga kelib, toliblar yirik shaharlarga yurish boshladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, joriy yilning 15 avgust kuni Qobulning “Tolibon” qo‘liga o‘tishi bilan Afg‘onistonda harakat hokimiyati o‘rnatildi. Prezident Ashraf G‘ani esa iste’fo berganini hamda mamlakatni tark etganini ma’lum qildi. Hokimiyatni “Tolibon”ga o‘tishini ta’minlash uchun Muvofiqlashtirish kengashi tuzilib, unga Abdulla Abdulla va Hamid Karzay kiritilgandi.
Joriy yilning 19 avgust kuni esa harakat rasmiy bayonot bilan chiqib, mamlakatda Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi. "Tolibon" vakili Vohidulla Hoshimiy harakat Afg‘onistonda demokratik davlat qurmasligini ma’lum qildi.
Hozirda faqatgina Panjsher viloyati toliblar hokimiyatini tan olmayapti. Viloyatda “Tolibon”ga qarshi kuchlar yig‘ilmoqda. Ularga esa mashhur "dala qo‘mondoni" Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud boshchilik qilyapti.
Live
Barchasi