Jizzaxdagi AES loyihasining qiymati 9,5 mlrd dollar ekani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
18:44 620 2 daqiqa
Jizzaxdagi atom elektr stansiyasi loyihasining umumiy qiymati 9,5 milliard dollarni tashkil etadi. Bu haqda bugun, 2 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan Jizzax viloyatida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi hamda unga yondosh zamonaviy shaharcha barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, atom energetikasini rivojlantirish mamlakat energetik xavfsizligini mustahkamlash, barqaror bazaviy elektr generatsiyasini yaratish va energiya manbalarini diversifikatsiya qilishda strategik ahamiyatga ega.
Integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasi joriy yil 4 iyundan qurilishning faol bosqichiga o‘tgan. Bugungi kunga qadar reaktor binosi uchun kotlovan qazish ishlari to‘liq yakunlanib, 1 million kub metrdan ortiq tuproq qazib olingan. Poydevor plitasining bir qismiga 916 kub metr beton quyilgan. Qurilish-montaj bazasidagi 100 gektar maydonda yer ishlari bajarilgan.
Ayni paytda qurilish maydonida 450 nafar ishchi va mutaxassis, 100 dan ziyod maxsus texnika faoliyat yuritmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 9,5 milliard dollarni tashkil etadi. Jarayonda 3 mingga yaqin turdagi mahsulot va uskunalardan foydalaniladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, loyihada mahalliy mahsulotlar ulushi 21 foiz yoki 1,9 milliard dollarni tashkil etadi. Davlat rahbari bu ko‘rsatkich yetarli emasligini ta’kidlagan.
Loyihada mahalliy mahsulotlar ulushini kamida 30 foizga yetkazish, qurilish-montaj ishlarining 65 foizini milliy korxonalar tomonidan bajarish hamda 7 ming nafar mahalliy ishchi va mutaxassisni jalb etish vazifasi qo‘yilgan.
Shu maqsadda Forish tumanida 200 gektar maydonda qurilish materiallariga ixtisoslashgan sanoat zonasini tashkil etish taklif qilingan. Unda kamida 100 ta qo‘shma korxonani joylashtirish va texnologiyalar transferi orqali 15 ta yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan.
Prezident ushbu taklifni ma’qullab, sanoat zonasi ishtirokchilariga soliq va bojxona imtiyozlarini tatbiq etish bo‘yicha qaror loyihasini yil yakuniga qadar kiritishni topshirgan.
Bunda qurilish sifati va xavfsizligi eng ustuvor masala bo‘lishi shartligi, barcha ishlar MAGATE talablari va xalqaro standartlarga to‘liq muvofiq amalga oshirilishi ta’kidlangan.
Live
Barchasi