Jizzaxda soxta havola orqali tanishini chuv tushirgan ayol ushlandi
3-sahifa
−
05 aprel 2024 6983 1 daqiqa
Jizzaxda SMS orqali soxta havola jo‘natib, tanishining pullarini o‘margan ayol ushlandi. Bu haqda Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.
Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida yashovchi 52 yoshli (ayol) R.N. ariza bilan murojaat qilib, o‘ziga tegishli bo‘lgan bank kartasidan 1 mln 550 ming so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari noma’lum shaxs tomonidan yechib olinganini ma’lum qilgan.
O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida 33 yoshli (ayol) Yu.A. sodir etgani aniqlandi.
Gumonlanuvchi sifatida tergov harakatlariga jalb etilgan Yu.A. jabrlanuvchi R.N.ning yaqin tanishi ekanligi, shuningdek unga bildirmasdan SMS xabarnoma (soxta havola) yuborish orqali shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritganini aytgan. Shundan so‘ng u jabrlanuvchining bank mobil ilovasiga ikkinchi foydalanuvchi sifatida ulanib olgan va 1 550 000 so‘m pullarni o‘zining plastik kartasiga o‘tkazib olgan.
"Mazkur holat yuzasidan JKning 169-moddasi 3-qismi “b” bandi (o‘g‘rilik qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) axborot tizimiga kirib yoki undan foydalanib) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Yu.A.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda", deyiladi xabarda.
Live
Barchasi