JCH-2026: Fransiya – Marokash o‘yinida tarix yana takrorlanadimi?

Sport

image

2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati chorak finallari Fransiya va Marokash o‘rtasidagi uchrashuv bilan boshlanadi. Qatar-2022 yarim finalidagi mag‘lubiyatdan so‘ng marokashliklar bu safar revansh olish va yana yarim finalga chiqishni maqsad qilgan.

Uchrashuv mahalliy vaqt bilan 9 iyul kuni AQSHning Boston shahridagi Boston stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 10 iyulga o‘tar kechasi soat 01:00 da start oladi.

“Opta” superkompyuteri hisob-kitoblariga ko‘ra, Fransiya mazkur bahsning asosiy favoriti hisoblanadi. Uning tahlil natijalariga ko‘ra, fransuzlarning asosiy vaqtda g‘alaba qozonish ehtimoli 62,2 foizni tashkil etgan. Marokashning g‘alaba qozonish imkoniyati 15,7 foiz deb baholangan bo‘lsa, 22,1 foiz holatda o‘yin durang bilan yakunlanib, g‘olib qo‘shimcha vaqt yoki penaltilar seriyasida aniqlanishi mumkinligi qayd etilgan.

Ikki jamoa rasmiy musobaqalarda hozirgacha faqat bir marta to‘qnash kelgan. Bu Qatarda bo‘lib o‘tgan 2022 yilgi Jahon chempionati yarim finali edi. O‘shanda Teo Ernandes va Randal Kolo Muanining gollari Fransiyaga 2:0 hisobidagi g‘alabani keltirgan va Marokashning tarixiy yurishini to‘xtatgandi. Bundan tashqari, jamoalar yana besh marta o‘rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushgan. Ularda ham Fransiya mag‘lub bo‘lmagan – uchta g‘alaba va ikkita durang.

Ushbu chorak finalning eng qiziqarli jihatlaridan biri Fransiya sardori Kilian Mbappe va Marokash yetakchisi Ashraf Hakimining o‘zaro raqobati bo‘ladi. Ikki futbolchi klub miqyosida yaqin do‘stlar sanaladi. Shunga qaramay, Hakimi o‘yin oldidan maydonda do‘stlik emas, natija muhimligini ta’kidladi.

Marokash bosh murabbiyi Muhammad Uahbi esa jamoasi endi hech kim uchun sensatsiya emasligini ta’kidladi.

“Biz endi syurpriz emasmiz va bu bizning eng katta faxrimiz. Bu hali boshlanishi, deb o‘ylayman va umid qilamanki, yana ko‘p yillar davomida shunday natijalarni ko‘rsatamiz”, degan u o‘yin oldi matbuot anjumanida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiyadan revansh olish asosiy maqsad emas.

“Biz imkon qadar uzoqroq borishni va xalqimizni faxrlantirishni xohlaymiz”, degan bosh murabbiy.

Fransiya tarkibida Kilian Mbappe, Usmon Dembele, Orelen Chuameni va Vilyam Saliba kabi yulduzlar maydonga tushishi kutilmoqda. Marokash esa Ashraf Hakimi, Sofyan Rahimi, Ismoil Saibari, Braim Dias va Yassin Bunu boshchiligida yana bir sensatsiya yaratishga intiladi.

Agar Marokash g‘alaba qozonsa, jamoa o‘z tarixida ikkinchi marta Jahon chempionati yarim finaliga chiqadi. Fransiya esa marokashlik raqiblari bilan qanday o‘ynashni juda yaxshi biladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 5 iyul kuni Fransiya milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionati 1/8 final bosqichida Paragvayni 1:0 hisobida mag‘lub etib, chorak finalga yo‘l olgan edi.

4 iyul kuni Marokash milliy terma jamoasi esa Xyuston shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Azzedin Unaining dubli hamda Sufyon Rahimining so‘nggi soniyalardagi yakuniy goli evaziga 1/8 final bosqichida Kanadani 3:0 hisobida mag‘lub etib, chorak finalga chiqqandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing