Japarov OAVga oid yangi qonun imzoladi
Olam
−
07 avgust 3823 2 daqiqa
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi yangi qonunni imzoladi. Bu haqda mamlakat Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qonunning asosiy maqsadi – mamlakatda mustaqil, raqobatbardosh va mas’uliyatli ommaviy axborot vositalari (OAV) faoliyat yuritishi uchun huquqiy sharoit yaratishdir.
Qonunga ko‘ra, OAV Adliya organlarida ro‘yxatdan o‘tganidan keyin rasmiy faoliyatini boshlaydi va axborot tarqatish huquqiga ega bo‘ladi. Unda nafaqat an’anaviy OAV, balki internet platformalari, jumladan, saytlar va bloglar ham majburiy ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerakligi aytiladi. Ularning faoliyati faqat ta’sischi (asoschi) yoki sud qarori bilan vaqtincha yoki butunlay tugatilishi mumkin.
Shuningdek, qonunda jurnalistlarning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq muhim qoidalar, ya’ni ularning qanday ishlashi, huquqlari, majburiyatlari belgilab qo‘yilgan. Senzura – ya’ni davlat yoki boshqa mansabdor shaxslar tomonidan OAV ishiga aralashish qat’iyan taqiqlanadi. Har qanday rasmiy aralashuv yoki bosim noqonuniy hisoblanadi.
Qolaversa, qonun OAVning axborotga erkin kirish huquqini kafolatlaydi, lekin ayni vaqtda axborotni tarqatishda javobgarlik borligini ham eslatadi. Ayni paytda, qonun ayrim holatlarda jurnalistlar, tahririyat va OAVni javobgarlikdan ozod etuvchi shartlarni belgilaydi. Masalan, agar ular axborotni qonuniy, tekshirilgan manbaga asoslanib tarqatgan bo‘lsa.
Jurnalist va OAVlar o‘z axborot manbalarini sir tutishga haqli. Ya’ni, kimdan axborot olgani, shaxsiy manbasi haqida oshkor qilmasligi mumkin. Faqat sud rasmiy talab qilgandagina bu ma’lumot ochilishi mumkin.
Qonunda yana bir muhim cheklov ham bor – xorijiy fuqarolar yoki kompaniyalar Qirg‘izistondagi OAVlarda 35 foizdan ortiq ulushga ega bo‘lolmaydi. Bu chora mamlakat axborot makonini chet el ta’siridan himoya qilishga qaratilgan.
Nihoyat, qonun OAVlardan axloqiy va professional me’yorlarga amal qilishni ham talab qiladi. Ya’ni OAV jamiyatga salbiy ta’sir qilmaydigan, odamlarni adashtirmaydigan va axloqiy chegaralardan oshmaydigan axborot tarqatishi lozim.
Live
Barchasi