Zelenskiy Rustam Umarovni yangi lavozimga tayinladi
Olam
−
18 iyul 15356 2 daqiqa
Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Rustam Umarov Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (RNBO) kotibi etib tayinlandi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy shu to‘g‘risidagi tegishli farmonni imzoladi.
Samarqandda tug‘ilgan Rustam Umarov 2023 yilning sentyabridan 2025 yilning iyuligacha Ukraina Mudofaa vazirligiga rahbarlik qilgan. Joriy yilning 14 iyul kuni Prezident Zelenskiy Ukraina parlamenti – Oliy Radaga, o‘sha paytda bosh vazir lavozimida faoliyat yuritayotgan Denis Shmigalni yangi Mudofaa vaziri sifatida tayinlashni taklif qilgan. Bosh vazirlik lavozimiga esa Yuliya Sviridenko tayinlandi.
Ilgari Rustam Umarov Ukraina tomonidan AQSHdagi elchilik lavozimiga asosiy nomzod sifatida ko‘rilayotgan edi. Biroq yakuniy qarorga ko‘ra, ushbu lavozimga Ukraina Bosh vaziri o‘rinbosari – Adliya vaziri bo‘lgan Olga Stefanishina tayinlandi.
RBK-Ukraina nashrining ma’lumotlariga ko‘ra, Rustam Umarov AQSHdagi elchilikdan ko‘ra Rossiya bilan olib borilayotgan muzokaralarga e’tibor qaratadi. U ilgari Istanbul formatida o‘tkazilgan muzokaralarda Ukraina delegatsiyasiga boshchilik qilgan edi.
RNBO kotibi lavozimida Rustam Umarov Aleksandr Litvinenkoning o‘rnini egalladi. Litvinenko 2023 yil mart oyidan buyon bu lavozimda ishlagan bo‘lib, tayinlovdan avval Ukraina Tashqi razvedka xizmatiga rahbarlik qilgan.
Ma’lumot uchun, Rustam Umarov 1982 yilda Samarqandda Qrim yarim orolidan kelgan qrim-tatar musulmonlari oilasida tug‘ilgan. Otasi Anvar Umarov texnologik muhandis, onasi Maryam Umarova kimyo muhandisi bo‘lgan. Umarovlar oilasi 1944 yil 18 mayda sovet hukumati tomonidan qrim-tatar xalqi bilan birga o‘z vatanidan O‘zbekistonga deportatsiya qilingan. 2015 yilda Oliy Rada bu deportatsiyani qrim-tatar xalqining genotsidi deb tan olgan. 1980 yillarning oxiri va 1990 yillarning boshlarida Umarovlar oilasi Ukrainaga qaytgan.
Repatriatsiya (vataniga qaytgani)dan so‘ng, u Qrim gimnaziyasini “American Future Leaders Exchange” dasturi bo‘yicha stipendiya bilan tamomlagan. Milliy boshqaruv akademiyasida (Ukraina) iqtisod va moliya bo‘yicha o‘qigan.