Ukrainaga yangi Bosh vazir tayinlandi

Olam

image

Ukraina Oliy Radasi deputatlari mamlakat hukumati rahbari lavozimiga Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot vaziri vazifasini bajaruvchi Yuliya Anatolevna Sviridenkoning tayinlanishini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda RBK xabar berdi.

Sviridenkoning tayinlanishini Radaning 262 xalq deputati qo‘llab-quvvatladi, 22 nafari qarshi chiqdi.

Bir kun avval ukrainalik deputatlar 2020 yilning martidan beri bu lavozimda ishlab kelayotgan bosh vazir Denis Shmigalning iste’fosini qabul qilgan edi. U bilan birga butun hukumat iste’foga chiqdi.

“Ukrainskaya pravda” manbalariga ko‘ra, ular Sviridenkoning o‘rniga Iqtisodiyot vazirligiga amaldagi birinchi o‘rinbosar Oleksiy Sobolevni tayinlashni rejalashtirmoqda.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bir necha kun oldin hukumatdagi katta o‘zgarishlarni e’lon qilgandi. U Yuliya Sviridenkoga Bosh vazir lavozimini taklif qilgan, Denis Shmigal esa yangi Mudofaa vaziri bo‘lishi kutilmoqda.

Oldinroq Ukraina Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Rustam Umarovga Ukrainaning AQSHdagi elchisi lavozimi taklif qilingani xabar qilingandi. RBK-Ukraina xabariga ko‘ra, ular Bosh vazir o‘rinbosari – Adliya vaziri vazifasini bajaruvchi Olga Stefanishinani Ukrainaning AQSHdagi elchisi etib tayinlashni rejalashtirmoqda. Nashr manbalariga ko‘ra, Umarov asosiy e’tiborni Rossiya bilan muzokaralarga qaratadi.

Sviridenko taklifi bilan hukumatni tayinlash biroz kechroq bo‘lib o‘tadi. “Xalq xizmatchisi” fraksiyasi rahbari David Araxamiya e’lon qilgan ro‘yxatga asoslanib, hukumatda tub o‘zgarishlar bo‘lmaydi – ba’zi vazirlar o‘z o‘rnini saqlab qoladi, ba’zilari o‘rin almashadi, ayrim vazirliklar bir-biri bilan birlashtiriladi. Xususan, Strategik sanoat vazirligi Mudofaa vazirligi bilan birlashtiriladi va uning rahbari German Smetanin “Ukroboronprom”ni boshqarishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Yuliya Sviridenko 1985 yil 25 dekabrda Chernigov shahrida tug‘ilgan. Uning otasi Ukraina Monopoliyaga qarshi qo‘mitasining Chernigov hududiy boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan, onasi viloyat ma’muriyatida ishlagan. Sviridenko Kiyev Milliy savdo-iqtisodiyot universitetining iqtisodiyot, menejment va huquq fakultetini, 2008 yilda universitetning monopoliyaga qarshi menejment yo‘nalishi bo‘yicha magistraturasini, shundan so‘ng iqtisodiyot va xalq xo‘jaligini boshqarish ixtisosligi bo‘yicha aspiranturasini tamomlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Bosh vazir Denis Shmigal' Yuliya Anatol'evna Sviridenko

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing