Zelenskiy ham Aliyevga telefon qildi

Olam

image

Bugun, 28 dekabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, J2-8243 reysida yuz bergan aviahalokat munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda Zelenskiy o‘zining Telegram sahifasida ma’lum qildi.

“Ushbu fojia Ozarbayjon xalqi uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Biz samolyot uchuvchilari va butun ekipajning jasoratini alohida ta’kidladik”, deb yozgan Zelenskiy.

Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hozirgi asosiy ustuvor masala – bu hodisa yuzasidan barcha savollarga javob topish imkonini beradigan batafsil va xolis tergov o‘tkazish. Rossiya halokatga oid barcha ma’lumotlarni ochiq holda taqdim etishi va noto‘g‘ri axborot tarqatishni to‘xtatishi shart. Foto va video materiallarda samolyot fyuzelyajidagi teshiklar va zararlanishlar yaqqol ko‘rinadi. Ular havo hujumidan mudofaa tizimi raketasi zarbasiga o‘xshash.

“Biz Ozarbayjonni ushbu murakkab vaziyatda barcha zarur vositalar bilan qo‘llab-quvvatlaymiz va boshqa davlatlarni ham yordam ko‘rsatishga chaqiramiz. Shu bilan birga, biz yaqin kelajakda ikki tomonlama aloqalarni kuchaytirish haqida kelishib oldik”, deydi Ukraina Prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ilhom Aliyevga qo‘ng‘iroq qilib, Ozarbayjon havo yo‘llari yo‘lovchi samolyoti bilan bog‘liq fojiali voqea Rossiya havo hududida sodir bo‘lgani uchun uzr so‘ragan edi.

Embraer 190 samolyotining qulashi

25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchradi. Samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot qulashida 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi omon qoldi. Dastlab samolyotning halokatiga qushlar galasi bilan to‘qnashib ketgani sabab bo‘lgani aytilgan edi. Keyinroq “Euronews” Ozarbayjon hukumatidagi manbalariga tayanib, ushbu aviahalokat Rossiya tomonidan uchirilgan yer-havo sinfidagi raketa tufayli sodir bo‘lganini e’lon qildi. Shuningdek, AZAL Embraer 190 samolyoti halokatining dastlabki sababi sifatida tashqi jismoniy va texnik ta’sirlarni ko‘rsatdi.

Ozarbayjonning Raqamli rivojlanish va transport vaziri Rashod Nabiyev ham samolyot halokatiga “tashqi aralashuv” sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. AQSH ham laynerning qulashida Rossiyaning havo hujumidan mudofaa tizimlarining ta’sirini ta’kidlamoqda. Ozarbayjon parlamenti deputati Rasim Musabekov Rossiya tomoni Azerbaijan Airlines fuqarolik samolyotini havo hujumidan mudofaa raketasi bilan urib tushirgani uchun uzr so‘rashi kerakligini aytdi. Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Kreml halokatga baho berishni tergov yakunlariga qadar noto‘g‘ri deb bilishini va vaziyatga izoh bermasligini bildirdi.  

Checheniston hukumati esa Ramzan Qodirovning topshirig‘i bilan Baku-Grozniy yo‘nalishidagi AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot halokati oqibatida vafot etgan va jabrlanganlarning oilalariga moliyaviy va boshqa yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi. Lekin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning ma’muriyati hech qanday yordamga muhtoj emasligini va bunday yordamni qabul qilmasligini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Ilhom Aliev Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing