“Yuventus”ga yangi bosh murabbiy tayinlandi

Sport

image

Italiyaning “Yuventus” klubi jamoaga yangi bosh murabbiy sifatida Luchano Spalletti tayinlanganini e’lon qildi. Tajribali mutaxassis bilan mavsum oxirigacha mo‘ljallangan qisqa muddatli shartnoma imzolandi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Turin klubi ushbu mavsumni Igor Tudor boshchiligida boshlagan edi. Biroq “Yuventus” sakkiz o‘yindan iborat g‘alabasiz seriyadan so‘ng murabbiy bilan hamkorlikni to‘xtatdi. Bu natija jamoani A Seriyada sakkizinchi pog‘onaga tushirib yubordi.

“Biz “Yuventus” oilasiga shunday tajribali murabbiyni qabul qilayotganimizdan mamnunmiz. Jamoaga xush kelibsiz, murabbiy!” deyiladi klub bayonotida.

Ma’lumot uchun, Spalletti so‘nggi bor Italiya terma jamoasini boshqargan edi. U jamoa bilan Yevro-2024 musobaqasining 1/8 finalida Shveysariyaga mag‘lub bo‘ldi hamda keyinchalik Jahon chempionati saralashida Norvegiyaga 0:3 hisobida yutqazgach, iste’foga chiqishini ma’lum qilgan edi.

66 yoshli mutaxassis avval “Napoli” bilan katta muvaffaqiyatga erishgan. U 2022-2023 yilgi mavsumda jamoani 1990 yildan beri ilk bor Italiya chempioni qilgan edi. Shu sababli, uning “Yuventus”ga kelishi Italiya futbol jamoatchiligi orasida turlicha fikr uyg‘otmoqda.

Spallettining “Yuventus”dagi debyuti ertaga, 1 noyabr kuni “Kremoneze”ga qarshi safar uchrashuvida bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq jamoani joriy yilning mart oyidan beri boshqarib kelayotgan Igor Tudor iste’foga chiqarilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

A Seriya “Yuventus” Evro-2024 Luchano Spalletti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing