Yerning ozon qatlami tiklanayotgani aytildi
Olam
−
22 Sentabr 7522 2 daqiqa
2024 yilda Yerning ozon qatlami sezilarli darajada tiklandi va bu jarayon jadal sur’atda davom etmoqda. Bu haqda Butunjahon meteorologiya tashkiloti tomonidan e’lon qilingan hisobotda so‘z boradi.
Tashkilot tomonidan 16 sentyabr kuni e’lon qilingan hisobotda 2024 yilda Antarktika ustidagi ozon teshigi oxirgi yillarga nisbatan kichik bo‘lgani qayd etilgan. Bu inson salomatligi va sayyora uchun ijobiy yangilik sifatida baholanmoqda.
Bunga 1980 yilgi Vena konvensiya shartnomasi, keyin esa 1987 yilgi Monreal protokoli asos bo‘lgan. Ular mamlakatlarni ozonni yemiruvchi moddalardan bosqichma-bosqich voz kechishga majbur qilgan. Zararli moddalarni ishlab chiqarish va iste’mol qilishning 99 foizdan ortig‘i allaqachon to‘xtatilgan.
“40 yil oldin davlatlar ilm-fanga tayana turib, ozon qatlamni himoya qilish bo‘yicha birinchi qadamni tashlagan. Bugungi natijalar – millatlar fan ogohlantirishlariga quloq tutganda, taraqqiyot mumkinligining yorqin misoli”, degan BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.
Butunjahon meteorologiya tashkiloti Bosh kotibi Selesta Saulo bu jarayonni “ilm-fandan global harakatga” shiori bilan ta’riflab, muntazam monitoring va ma’lumot almashishning ahamiyatini alohida qayd etgan.
2024 yilda Antarktikadagi ozon teshigi o‘lchami 1990–2020 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan kichikroq ko‘rinishga kelgan. 29 sentyabrdagi maksimal defitsit 46,1 mln tonna ozonni tashkil etdi. Olimlar bu holatni ozon qatlamining tiklanishidan dalolat beradi deb hisoblamoqda.
Hisobotda aytilishicha, agar hozirgi vaziyat o‘zgarmay qolsa, 2040 yilgacha dunyo bo‘ylab va 2066 yilga borib Antarktikada ozon qatlami to‘liq tiklanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstraliyada ilm-fan uchun ilgari noma’lum bo‘lgan asteroidning izlari topilgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi