YeI O‘zbekiston va Qozog‘istonda qochqinlar markazi qurmoqchi – “Politico”
Jamiyat
−
01 iyun 5784 3 daqiqa
Yevropa Ittifoqi Yevropada boshpana berilishi rad etilgan migrantlar uchun maxsus markazlar tashkil etish bo‘yicha o‘ndan ortiq davlatlar bilan muzokaralar boshlamoqchi. Bu haqda ismi sir qolishini so‘ragan uch nafar YeI diplomatiga tayanib, “Politico” nashri xabar berdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, ehtimoliy sheriklar qatorida O‘zbekiston va Qozog‘iston ham bor. Bu mamlakatlarda boshpana berish rad etilganidan keyin migrantlarni chiqarib yuborish mumkin bo‘lgan markazlar, shuningdek, YeIdan boshpana so‘rab qilingan arizalarni ko‘rib chiqish maydonchalari tashkil etilishi mumkin.
Niderlandiya, Avstriya, Daniya, Germaniya va Gretsiya bu kabi markazlarni hamda arizalarni qayta ishlaydigan tashqi punktlarni yaratish ustida birgalikda ishlamoqda. Buning evaziga loyihada ishtirok etuvchi mamlakatlarga rivojlanish uchun yordam mablag‘lari yoki viza rejimini liberallashtirish (yengillashtirish) taklif qilinishi mumkin. Diplomatlardan birining tushuntirishicha, bu ikkala tomon uchun ham foydali qaror sifatida qabul qilinishi kerak.
Niderlandiya hukumati parlamentga huquqiy ekspertiza natijalarini ma’lum qilib bo‘lgan. Unga ko‘ra, boshpana so‘rab berilgan arizalarni YeI hududidan tashqarida ko‘rib chiqishga ham, YeIda qolish huquqini yo‘qotgan migrantlarni repatriatsiya (orqaga qaytarish) markazlariga deportatsiya qilishga ham hech qanday huquqiy to‘siqlar aniqlanmagan. “Politico” nashri tanishib chiqqan Niderlandiya hukumatining maktubida aytilishicha, Gaaga amaliy qadamlarga o‘tish niyatida. Diplomatlardan birining so‘zlariga ko‘ra, aniq bir kelishuv haqidagi bayonot yaqin 6–7 oy ichida e’lon qilinishi mumkin.
“Butun Yevropa bo‘ylab fuqarolar migratsiya oqimlari ustidan nazoratni tiklashga imkon beradigan samarali qarorlarni talab qilmoqdalar. Bunday yechimlar asta-sekin shakllanib bormoqda va o‘zlarining huquqiy jihatdan asosli ekanligini isbotlab bo‘ldi”, deydi Niderlandiyaning Boshpana va migratsiya masalalari bo‘yicha vaziri Bart van den Brink.
Rasmiy ravishda Yevropa poytaxtlari ehtimoliy davlatlar nomlarini ommaviy ravishda tilga olmaslikka harakat qilmoqda. “Politico” nashrining qayd etishicha, YeI hukumatlari Buyuk Britaniyaning Ruanda bilan bog‘liq loyihasi va Italiyaning Albaniya bilan tuzgan, huquqiy muammolarga duch kelgan sxemasi atrofida kuzatilgan mashmashalar takrorlanishidan qo‘rqadi. YeI diplomatlaridan biri yil yakuniga qadar “loyihaning aniq konturi (rejasi)” yaratilishi ko‘zda tutilganini ma’lum qilgan.
Tashqi markazlarni tashkil etish bo‘yicha muhokamalar migrantlarni deportatsiya qilish to‘g‘risidagi YeIning yangi reglamenti (qoidalari) bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichi bilan parallel ravishda olib borilmoqda. Jurnal ma’lumotlariga ko‘ra, Fransiya va Germaniya ushbu markazlar mexanizmi reglament uzil-kesil tasdiqlanishi bilan zudlikla amaliyotga tatbiq etilishini talab qilmoqda.
Migratsiya bo‘yicha Yevropa komissari Magnus Brunnerning aytishicha, Yevropa fuqarolari YeIni tark etish ko‘rsatmasi berilgan migrantlarning atigi 28 foizi o‘z mamlakatlariga qaytarilayotganidan norozi. Boshpana izlovchilarni joylashtirish markazlarining aksariyati lim-lim to‘lgan. Niderlandiya allaqachon qochqinlarni qabul qilish inqirozining kuchayishiga duch kelgan. May oyida Ter-Apeldagi boshpana izlovchilarni joylashtirish markazi to‘lib ketgan va o‘nlab odamlar ko‘chada tunashga majbur bo‘lgan. Mamlakat bo‘ylab rasmiylarning migratsiya siyosatiga va boshpana izlovchilarning joylashtirilishiga qarshi norozilik namoyishlari to‘lqini yopirilib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstriya afg‘onistonliklarni O‘zbekiston orqali deportatsiya qilishni ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgan edi. yilning oktyabr oyida esa Niderlandiya nashrlari mamlakat hukumati afg‘on qochqinlarini O‘zbekistonga yuborish niyatida ekani haqida yozgandi. Shuningdek, o‘shanda Germaniya O‘zbekistonni afg‘on qochqinlarini qabul qilishga ko‘ndirgani aytilgandi.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust