YeI davlatlari 150 mlrd yevrolik mudofaa fondini tashkil qiladi
Olam
−
20 may 2166 2 daqiqa
Yevropa Ittifoqi davlatlari umumiy byudjet asosida moliyalashtiriladigan va 150 milliard yevroga teng bo‘lgan yangi qurollanish kredit fondini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Financial Times” nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, mazkur fond orqali YeI a’zolari qurol-yarog‘ tizimlari va platformalarini xarid qilish uchun Bryusseldan qarz olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Bu tashabbus Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi hamda AQSH Prezidenti Donald Trampning Yevropani o‘z xavfsizligiga ko‘proq mablag‘sarflashga undagan talablariga javoban paydo bo‘lgan”, deyiladi xabarda.
Yevrokomissiya ushbu tashabbusni yil boshida taqdim etgan. Uning asosiy maqsadi – qit’adagi qayta qurollanish jarayonini tezlashtirish va YeIning mudofaa sanoatini mustahkamlash. Shu bois fondning katta qismi qurol-yarog‘ ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga yo‘naltiriladi.
Biroq tashabbus doirasida YeIga a’zo bo‘lmagan davlatlar, xususan Buyuk Britaniya, AQSH va Turkiya kompaniyalarining ishtiroki eng bahsli masalalardan biri bo‘ldi. Muzokaralarda qatnashgan rasmiylardan biri bunga izoh bergan.
“Biz YeI a’zo davlatlariga ochiq qarshi chiqayotgan mamlakatdagi mudofaa sanoatini moliyalashtira olmaymiz”, degan u.
Ayniqsa, Gretsiya Turkiyaning ishtirokini bosqichma-bosqich amalga oshirish va u bilan siyosiy yon berishlar orqali murosa qilish tarafdori bo‘ldi.
Shuningdek, tashabbus doirasidagi har qanday loyiha uchun YeIga a’zo bo‘lmagan davlatlardan bo‘lgan subpudratchilarning ishtiroki 15 foiz bilan cheklanadi. Agar ular YeIdagi bosh pudratchi bilan mavjud hamkorlikka ega bo‘lsa, bu ulush 35 foizgacha oshirilishi mumkin.
Yangi sxema doirasida artilleriya snaryadlari, raketalar va dronlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari, harbiy transport uchun strategik samolyotlar, shuningdek, kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt tizimlarini birgalikda xarid qilish rejalashtirilgan.
Tashabbus rasmiy tasdiqdan so‘ng joriy oy oxirigacha kuchga kiradi.
“Financial Times”, shuningdek, Yevroittifoq va Buyuk Britaniya breksitdan keyin ilk bor xavfsizlik va mudofaa sohasida yangi hamkorlik pakti imzolash arafasida ekanini eslatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Qo‘shma Shtatlari NATO ittifoqchilari bilan Amerika qo‘shinlarini Yevropa davlatlaridan olib chiqish bo‘yicha maslahatlashuvlarni joriy yilning iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Gaagadagi sammitdan so‘ng boshlashi xabar qilingandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr