Yangilangan rekord: Artemis II eng uzoq kosmik parvozni amalga oshirdi

Olam

image

Kecha, 6 aprel kuni NASA tomonidan amalga oshirilgan Artemis II missiyasi insoniyat tarixida eng uzoq masofaga erishilgan kosmik parvoz sifatida qayd etildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Qayd etilishicha, ekipajdagi to‘rt nafar astronavt Yer yuzidan taxminan 406-407 ming kilometr uzoq masofaga parvozni amalga oshirgan. Shu tariqa Apollo 13 missiyasi tomonidan o‘rnatilgan 1970 yildagi rekord yangilangan.

 

Yangi missiya avvalgisidan taxminan 4-6 ming kilometr uzoqroq masofani bosib o‘tgan. Parvoz davomida ekipaj Oyning qorong‘i tomoni atrofida uchib o‘tgan. Shu jarayonda qisqa muddatga aloqada uzilish yuz bergan bo‘lsada, astronavtlar ilgari inson ko‘zi tushmagan hududlarni kuzatish imkoniga ega bo‘lgan.

Artemis II missiyasi doirasida Oyga yo‘l olgan astronavtlar Yerning tabiiy yo‘ldoshiga yangi fotosuratlarni taqdim etdi. Orion kosmik kemasidan olingan tasvirlarda Oyning ilgari inson ko‘zi bilan hech qachon ko‘rilmagan hududi – Orientale havzasining bir qismi aks etgan. NASA tomonidan berilgan bayonotga ko‘ra, diametri taxminan 965 kilometr bo‘lgan Orientale havzasi Oyning Yerdan ko‘rinadigan yuzi bilan qorong‘i yuzi orasidagi muhim o‘tish hududini ifodalaydi.

Bugungacha faqat robot qurilmalar orqali tasvirga olingan ushbu hudud birinchi marta inson missiyasi davomida suratga muhrlangan. Artemis II astronavtlaridan biri Oyning Yerdan ko‘rinmaydigan va kam kuzatiladigan yuzi bo‘yicha birinchi taassurotlarini “ajoyib” deb ta’riflagan. Astronavtlar yo‘l davomida Orion oynalaridan qaraganda, Oyning tobora kattalashib ko‘rinayotganini bildirgan. Missiya davomida taqdim etilgan tasvirlar orasida Yerdagi hilol shaklidagi ko‘rinish va astronavtlarning kosmik kemadagi kundalik hayoti aks etgan suratlar ham bor. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Artemis II kemasi ekipaji fazodan Yerning yangi suratlarini e’lon qilgandi.  


Maqola muallifi

Teglar

Artemis II eng uzoq kosmik parvoz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing