Yamal Ispaniya terma jamoasi qaydnomasidan chiqarildi
Sport
−
12 noyabr 5636 2 daqiqa
“Barselona” futbolchisi Lamin Yamal 7–10 kunlik dam olishni talab qiladigan tibbiy muolajadan so‘ng Ispaniya terma jamoasi safida maydonga tusha olmaydi. Bu haqda Ispaniya futbol federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu holat Xansi Flik boshchiligidagi “Barselona” va Luis de la Fuente boshchiligidagi Ispaniya futbol federatsiyasi (RFEF) o‘rtasida yangi ziddiyatni keltirib chiqardi. “Barselona” klubi RFEF tibbiy xodimlarini xabardor qilmasdan, Yamalning jarohatini davolash uchun invaziv radiochastota muolajasini o‘tkazgan. Bu muolaja futbolchidan kamida bir hafta dam olishni talab qiladi. Federatsiya bu haqda terma jamoaning Las Rozasdagi yig‘ini boshlanishidan atigi bir necha soat oldin xabar topgan.
Natijada 18 yoshli Yamal 2026 yilgi jahon chempionati saralash bosqichida Gruziya va Turkiyaga qarshi o‘yinlarda ishtirok eta olmaydi.
“RFEF tibbiyot xizmati 10 noyabr kuni soat 13:47 da terma jamoa yig‘ini boshlangan paytda Lamin Yamal o‘sha kuni ertalab noqulaylikni davolash uchun radiochastota muolajasidan o‘tganini bilganidan so‘ng hayrat va xavotir bildirdi. Ushbu muolaja haqida klub terma jamoa shifokorlariga oldindan xabar bermagan. Biz tafsilotlarni yig‘indan bir kun olingan tibbiy hisobot orqali bildik, unda futbolchiga 7–10 kunlik dam olish tavsiya etilgan. Futbolchining sog‘lig‘i va xavfsizligini inobatga olgan holda, RFEF Lamin Yamalni joriy chaqiruvdan ozod qilishga qaror qildi. Biz uning tezroq sog‘ayib, to‘liq tiklanib qaytishini tilaymiz”, deydi federatsiya rasmiy bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Lamin Yamal jarohati tufayli Ispaniyaning oktyabr oyidagi FIFA kunlari uchun e’lon qilingan tarkibdan ham chiqarib yuborilgan edi.