Yamal Ispaniya MTJ qaydnomasidan chiqarib yuborildi
Sport
−
04 Oktabr 21691 2 daqiqa
“Barselona” hujumchisi Lamin Yamal yana chov sohasida noqulaylik his qilmoqda va shu sababli 2-3 hafta davomida maydonga tusha olmaydi. Ushbu jarohat tufayli futbolchi Ispaniyaning FIFA kunlari uchun e’lon qilingan kengaytirilgan tarkibdan chiqarib yuborildi. Mazkur holat yuzasidan Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi bayonot berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, terma jamoaga chaqirilgan futbolchilar ro‘yxati e’lon qilinishidan oldin 2 oktyabr kuni “Barselona” va Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) o‘rtasidagi muloqot bo‘lib o‘tgan va unda jiddiy jarohat haqida so‘z yuritilmagan. Shu sababli Yamal terma jamoa qaydnomasidan joy olgan edi.
“Lamin Yamal Luis de la Fuente jamoasining 2026 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichida Gruziya va Bolgariyaga qarshi o‘tkaziladigan o‘yinlar uchun mo‘ljallangan tarkibdan chiqarildi.
Kecha RFEF tibbiy xizmati tomonidan futbolchi haqida so‘rovnoma yuborilgan. “Barselona” tibbiy xizmati rasmiy tarkib e’lon qilinganidan so‘ng, “ko‘k-anorranglilar” hujumchisi chov sohasida noqulaylik sezayotganini ma’lum qildi.
Shu tufayli, Ispaniya terma jamoasining jarohatdagi barcha o‘yinchilari kabi, tezroq va xavfsiz tiklanishni ta’minlash maqsadida Yamal tarkibdan chiqarildi”, deyiladi Qirollik futbol federatsiyasi bayonotida.
Ma’lumot uchun, 18 yoshli futbolchi sentyabr oyida ham xuddi shu muammo tufayli jamoasi ishtirokidagi “Real Ovedo”, “Xetafe” va “Nyukasl”ga qarshi o‘yinlarni o‘tkazib yuborgan edi.
Jahongir Inomjonov