Venesuela osmoni qon tusiga kirdi (video)

Olam

image

Venesueladagi zilziladan so‘ng osmon qizil rangga kirdi. Noodatiy ushbu hodisaga yangi geologik jarayonlar emas, balki atmosferadagi chang va mayda parchalar zarralari tomonidan quyosh nurining sochilishi sabab bo‘lgan. Bu haqda VTV davlat telekanali xabar berdi.

Telekanalning qayd etishicha, “Reley sochilishi” nomi bilan ham mashhur bo‘lgan bu effekt havodagi zarrachalar konsistensiyasi yuqori bo‘lganda, ayniqsa, zilzila kuchli shamol yoki sahrodan chang kirib kelishi davriga to‘g‘ri kelganda yanada kuchayadi.

Telekanal, shuningdek, bu kabi hodisalar ko‘pincha yana yangi zilzilalar yoki boshqa favqulodda hodisalarning darakchisi sifatida noto‘g‘ri talqin qilinishini qayd etgan. Biroq ilmiy nuqtai nazardan, bu atmosferaning havodagi ko‘p miqdordagi qattiq zarrachalarga bo‘lgan tabiiy reaksiyasidir.

Shu bilan birga, VTV boshqa bir fenomen – “zilzila chiroqlari” deb ataladigan hodisa mavjudligini ham eslatib o‘tgan. Ular yer qobig‘i ostida tarkibida kvars bo‘lgan jinslarning parchalanishi va ishqalanishi natijasida yuzaga keladi, bu esa elektr zaryadlarining paydo bo‘lishiga va osmonda qisqa muddatli yorug‘lik chaqnashlariga olib kelishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 24 iyun kuni kechqurun Venesuela shimolida bir daqiqadan kamroq vaqt oralig‘ida magnitudasi 7,2 va 7,5 ga teng bo‘lgan ikkita zilzila sodir bo‘ldi. Mamlakat rasmiylarining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, 1943 kishi halok bo‘lgan, 10 571 kishi jarohatlangan, yana 28 380 nafar jabrlanuvchi shifoxonalar va dala gospitallarida davolanmoqda.

“Reuters”ning xabar berishicha, 59 mingga yaqin bino vayron bo‘lgan yoki jiddiy shikastlangan, kamida 16 ming kishi boshpanasiz qolgan, insonparvarlik tashkilotlari esa oziq-ovqat, dori-darmon taqchilligi va yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfidan ogohlantirmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing