Venesueladagi zilzila qurbonlari soni 2000 ga yaqinlashdi

Olam

image

O‘tgan hafta Venesuelada magnitudasi 7,2 va 7,5 bo‘lgan ikki kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 1943 nafarga yetdi. Bu haqda BBS xabar qildi.

Ma’lum qilishicha, mamlakatda o‘n minglab odamlar oziq-ovqat va vaqtinchalik boshpanaga muhtoj. 10 mingdan ortiq kishi jarohat olgan, yana minglab odamlar bedarak deb hisoblanmoqda. NASA sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga asoslangan dastlabki baholashga ko‘ra, tabiiy ofat natijasida taxminan 58 870 ta bino zararlangan yoki butunlay vayron bo‘lgan.

Qayd etilishicha, La-Guayra zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rgan hududlardan biri bo‘lib, mahalliy aholi qutqaruv ishlarini o‘z kuchi bilan davom ettirishga harakat qilmoqda. BMTning Qochqinlar bo‘yicha oliy komissari boshqarmasi (UNHCR) ma’lumotiga ko‘ra, hududda oziq-ovqat taqchilligi keng tarqalgan, asosiy kommunal xizmatlar ishdan chiqqan va aloqa tizimlari deyarli uzilgan.

“Yordamdan foydalanish cheklangani sababli jamoalar o‘rtasidagi keskinlik kuchaymoqda”, deyiladi tashkilot bayonotida.

La-Guayrada yashovchi 18 yoshli sotuvchi Daniela Armas AFP agentligiga ba’zi yordamlar tarqatilayotganini, ammo oziq-ovqat uchun odamlar o‘rtasida qattiq tortishuvlar yuzaga kelayotganini aytgan. UNHCR kelgusi olti oy davomida zilziladan jabrlangan 30 ming nafar aholini himoya qilish, birinchi navbatdagi yordam vositalari va vaqtinchalik boshpana bilan ta’minlash uchun dastlabki bosqichda 15 million dollar zarurligini bildirgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) esa mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi “o‘ta kuchli bosim” ostida ishlayotganini ma’lum qilgan. Tashkilot vakili Kristian Lindmayerning so‘zlariga ko‘ra, emlash darajasi pastligi tufayli qizamiq va difteriya kabi vaksina orqali oldi olinadigan kasalliklar tarqalishi xavfi ham oshib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Venesuelada sodir bo‘lgan ikki kuchli zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni qariyb 1500 nafarga yetgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing