“100 mingga yaqin qurbon”. Venesuelada dahshatli zilzila bo‘ldi (video)
Olam
−
25 iyun 11674 2 daqiqa
Kecha, 24 iyun kuni Venesuelaning shimoliy va markaziy hududlarida ikkita kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Oqibatda mamlakat poytaxti Karakas shahrida turar joy binolari va boshqa inshootlar qulab tushgan. Bu haqda “Tagesschau” xabar berdi.
Venesuela Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, zilzilalar oqibatida Karakasda bir qator binolar vayron bo‘lgan. Mamlakatning vaqtincha prezidenti Delsi Rodriges mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilgan.
AQSH Geologiya xizmati esa tabiiy ofat oqibatida qurbonlar soni 10 mingdan 100 ming nafargacha yetishi mumkinligi haqida prognoz bergan. Ayni paytda Venesuela rasmiylari halok bo‘lganlar soni haqida ma’lumot bermagan.
“Reuters” agentligining xabar qilishicha, avval magnitudasi 7,2 bo‘lgan zilzila qayd etilgan. Undan bir daqiqadan ham kam vaqt o‘tib, magnitudasi 7,5 bo‘lgan ikkinchi zilzila sodir bo‘lgan.
Birinchi zilzilaning epitsentri Karib dengizi sohilida joylashgan Moron shahridan 28 kilometr g‘arbda, Karakasdan esa taxminan 168 kilometr uzoqlikda bo‘lgan. Zilzila o‘chog‘i 13 kilometr chuqurlikda joylashgan.
Ikkinchi zilzilaning epitsentri Morondan 16 kilometr uzoqlikda, o‘chog‘i esa 10 kilometr chuqurlikda qayd etilgan.
Venesuela Ichki ishlar vaziri Diosdado Kabeloning aytishicha, yong‘in-qutqaruv xizmati va politsiya vayronagarchilik oqibatlarini bartaraf etish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanmoqda. U halok bo‘lganlar va jabrlanganlar oilalariga hamdardlik bildirgan.
Ma’lum qilinishicha, Karakasdagi ko‘plab aholi binolarning mustahkamligiga ishonch qolmagani sababli ularni tark etgan. Ko‘chalarda qulab tushgan devorlar ortidan uy jihozlari ko‘rinib qolgani odamlarni qattiq sarosimaga solgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Karakas aeroporti va Karib dengizi sohilidagi La-Guayra portidagi vayrona holatlar aks etgan videolar tarqalgan. Keyinchalik Delsi Rodriges aeroport zilzila sabab yopilganini tasdiqlagan.
Uning ma’lum qilishicha, ikkita kuchli zilziladan keyin yana 20 ta aftershok kuzatilgan. Venesuela parlamenti 25 iyunga belgilangan yalpi majlisni bekor qilgan.
AQSHning sunami ogohlantirish markazi dastlab Puerto-Riko, Virgin orollari hamda Venesuela sohillari yaqinidagi Aruba, Kyurasao va Bonayre orollari uchun sunami xavfi haqida ogohlantirish bergan. Biroq taxminan bir soatdan so‘ng bu ogohlantirish bekor qilingan.
Ma’lumot uchun, Venesuela Karib va Janubiy Amerika tektonik plitalarining tutashgan qismida joylashgan bo‘lib, seysmik faol hudud hisoblanadi.
Shuningdek, 25 iyun kuniga o‘tar kechasi Yaponiyaning Xonsyu oroli shimoli-sharqiy sohillari yaqinida ham magnitudasi 7,2 bo‘lgan zilzila sodir bo‘ldi. Zilzila epitsentri Aomori prefekturasidagi Xatinoxe shahridan 67 kilometr janubi-sharqda joylashgan.
AQSH Geologiya xizmati ushbu zilzilaning magnitudasini 6,9 deb baholagan. Hozircha jabrlanganlar haqida rasmiy ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Indoneziyada 16 iyun kuni 6,7 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Asosiy yer silkinishidan so‘ng ketma-ket bir necha kuchli takroriy zilzilalar kuzatilgandi.
Live
Barchasi