Vatikan Rim papasi saylanganiga ishora qildi
Olam
−
08 may 7654 2 daqiqa
Bugun, 8 may kuni Sikstin kapellasining mo‘risidan oq tutun chiqdi va bu yangi Rim papasi saylanganini bildiradi. Bu haqda “Vatican News” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Rim-katolik cherkovining yangi rahbari kim bo‘lgani hozircha aniq emas. Yangi papaning nomi u oq libosda Avliyo Pyotr sobori balkoniga chiqqanidan keyin e’lon qilinadi.
Ma’lumot uchun, bir kun oldin Vatikanda konklav ochilgan edi – 133 kardinal Sikst kapellasiga papani saylash uchun yig‘ilgan. Pontifik etib saylanish uchun da’vogarlardan biri ovozlarning uchdan ikki qismini – 133 tadan 89 tasini to‘plashi kerak edi. Konklavda 80 yoshdan kichik bo‘lgan kardinallar ishtirok etgan, ovoz berish qat’iy maxfiy tarzda o‘tkazilgan.
Birinchi urinishdayoq cherkov boshlig‘ini saylashning iloji bo‘lmagan – kecha, 7 may kuni kechqurun kapella mo‘risidan qora tutun chiqqan. Keyingi ikkinchi va uchinchi urunish ham mana shunday besamar o‘tgan.
Aslida konklavlar turlicha davom etadi. Masalan, 2013 yilda avvalgi Rim papasi Fransiskning saylanishi papalik tarixidagi eng tezkor saylovlardan biri bo‘lgan. Uni ikkinchi kuni beshinchi raundda saylashgan. Eng uzoq davom etgan konklav deyarli uch yil davom etgan (1268 yil noyabrdan 1271 yil sentyabrgacha), bu jarayonda uchta saylovchi vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, Rim papasi Fransisk joriy yilning 21 aprel kuni 88 yoshida insult sabab Vatikandagi qarorgohida vafot etgandi. Uning dafn marosimi 26 aprel kuni Vatikandagi Avliyo Pyotr maydonida 200 mingga yaqin inson bilan o‘tkazilgandi.
Live
Barchasi