O‘zbekistonning Osiyo o‘yinlaridagi medallari 17 taga yetdi
Sport
−
09:24 1052 2 daqiqa
Bugun, 24 sentyabr kuni Yaponiyaning Ayti–Nagoya shaharlarida o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarining 5-kuni doirasidagi bahslar davom etmoqda. Kunning dastlabki qismida O‘zbekiston delegatsiyasi akademik eshkak eshish, kanoe va baydarkada eshkak eshish bahslarida 7 ta medalni qo‘lga kiritdi.
Dastlab erkaklar o‘rtasidagi M1x yakkalik dasturida startga chiqqan Shahboz Xolmurzayev marraga ikkinchi bo‘lib yetib kelib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shundan so‘ng erkaklar o‘rtasidagi M2x juftlik dasturida ishtirok etgan Mehroj Mamatqulov va Pavel Sorin 6:10.49 natija bilan ikkinchi o‘rinni egallab, yana bir kumush medalni delegatsiya hisobiga yozdirdi.
M2- dasturining finalida esa Maksim Golubev va Alisher Turdiyev 6:32.34 natija bilan uchinchi o‘rinni egallab, bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Anna Aksenova, Mariya Sergeyeva, Rayhona Sattorova va Aydana Smetullayevadan iborat ekipaj W4- dasturining finalida ikkinchi o‘rinni egallab, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Ayti–Nagoya Osiyo o‘yinlaridagi ikkinchi oltin medalini qo‘lga kiritdi. Kanoeda eshkak eshish bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi 200 metr masofaga kechgan yakkalik bahslarida ishtirok etgan Shohsanam Sherzodova barcha raqiblaridan ustun kelib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Baydarkada eshkak eshish bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi 500 metr masofaga kechgan bahslarda Arina Tanatmisheva va Yekaterina Shubina juftligi marraga uchinchi bo‘lib yetib keldi va bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Kanoechilar Artur Guliyev va Vladlen Denisov ham sovrindorlar qatoridan joy oldi. Ular 500 metr masofaga kechgan bahsda marraga ikkinchi bo‘lib yetib kelib, O‘zbekiston delegatsiyasiga navbatdagi kumush medalni taqdim qildi.
Shu tariqa, kunning dastlabki qismida akademik eshkak eshish, kanoe va baydarkada eshkak eshish bahslarida O‘zbekiston delegatsiyasi 7 ta medal – 1 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Hozirga kelib O‘zbekiston delegatsiyasining Osiyo o‘yinlaridagi jami medallar soni 17 taga ( 2 ta oltin, 8 ta kumush va 7 ta bronza) yetdi. Ayni damda O‘zbekiston umumjamoa hisobida 9-o‘rinda bormoqda.
Live
Barchasi