O‘zbekistonda yoz mavsumida turizm tizimi uchun “Siyesta” joriy etilishi mumkin
Jamiyat
−
18 iyul 3236 2 daqiqa
O‘zbekistonda yoz mavsumida turizm sohasini iqlim sharoitlariga moslashtirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida “Siyesta” tizimini joriy etilishi mumkin. Bu haqda Prezidentning “Turizm sohasida iqlim sharoitlariga moslashish va yoz mavsumida sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun “Siyesta” tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Mazkur loyihaga ko‘ra, tizim tajriba-sinov tariqasida har yili 1 iyundan 31 avgustgacha Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida amal qiladi.
Muhokamadagi hujjatda “Siyesta” tizimi mehmonxonalar, xostellar, mehmon uylari, muzeylar, tarixiy-me’moriy obidalar, restoran va kafelar, turoperator hamda turagentlar, shuningdek, sayyohlar uchun mo‘ljallangan ko‘ngilochar maskanlarga tatbiq etilishi belgilanmoqda.
Loyihada yoz oylarida turizm ob’ektlari faoliyatini quyidagi tavsiya etilgan ish tartibi asosida tashkil etish ko‘zda tutilgan:
- ertalabki ish vaqti – 07:00 dan 13:00 gacha;
- 13:00–17:00 oralig‘ida siyesta (tanaffus);
- kechki ish vaqti – 17:00 dan 23:00 gacha.
Hujjatga ko‘ra, tanaffus vaqtida korxonalar sayyohlar va xodimlarning dam olishi uchun sharoit yaratishi, konditsioner tizimlari, qabul xizmati hamda zarur navbatchi xodimlar faoliyatini ta’minlashi lozim bo‘ladi. Shuningdek, tizim joriy etilganda xodimlarning ish haqi kamaytirilmasligi va mehnat sharoitlari yomonlashtirilmasligi belgilangan.
Loyihada umumiy ovqatlanish korxonalariga kechki vaqtga moslashtirilgan maxsus yozgi taomnoma va dasturlarni ishlab chiqish, Madaniy meros agentligiga esa “Tungi muzey” hamda “Kechki ekskursiya” loyihalarini yo‘lga qo‘yish tavsiya etilgan.
Bundan tashqari, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva hokimliklari turistik hududlarda kechki va tungi vaqtda jamoat transporti, yoritish, obodonlashtirish hamda madaniy-ko‘ngilochar tadbirlarni tashkil etishi rejalashtirilgan.
Qaror loyihasi hozirda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan bo‘lib, muhokama joriy yilning 25 iyuliga qadar davom etadi.
Ma’lumot uchun, “Siyesta” tizimi – bu kunning eng issiq paytida bir necha soat dam olish yoki uxlash an’anasidir. Bu odat asosan issiq iqlimli mamlakatlarda keng tarqalgan. Siyesta vaqtida ko‘plab do‘konlar, ofislar va boshqa muassasalar vaqtincha yopiladi. Xodimlar uyiga borib dam olishi, ovqatlanishi yoki qisqa muddat uxlab olishi mumkin. Kechki payt esa ish yana davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston hukumati banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari hamda omonatlariga oid ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etish tartibini tasdiqlashni nazarda tutuvchi qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan edi.
Live
BarchasiTurkiyada F-16 halokatga uchradi
12 avgust