Banklar omonat va P2P o‘tkazmalar ma’lumotlarini soliq organlariga berishi mumkin
Jamiyat
−
24 iyun 5229 2 daqiqa
O‘zbekiston hukumati banklar tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari hamda omonatlariga oid ma’lumotlarni soliq organlariga taqdim etish tartibini tasdiqlashni nazarda tutuvchi qaror loyihasini ishlab chiqdi. Qaror kecha, 23 iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Hujjatga ko‘ra, banklar yuridik va jismoniy shaxslarning hisobvaraqlari haqidagi ma’lumotlarni soliq organlariga elektron shaklda taqdim etadi. Shuningdek, soliq qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida soliq organlarining so‘roviga asosan qo‘shimcha ma’lumotlar ham beriladi.
Yangi tartibga muvofiq, jismoniy shaxsning bank kartasiga bir kalendar oy davomida boshqa jismoniy shaxslarning (yaqin qarindoshlar bundan mustasno) bank kartalari yoki elektron hamyonlaridan bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravariga teng yoki undan ortiq mablag‘ kelib tushsa, bu haqda soliq organlariga axborot yuboriladi.
Bundan tashqari, jismoniy shaxslar tomonidan chet el yuridik shaxslariga o‘tkazilgan mablag‘lar haqidagi ma’lumotlar ham soliq organlariga taqdim etiladi. Bunda mablag‘ yuboruvchilarning shaxsiy ma’lumotlari ko‘rsatilmaydi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, Soliq qo‘mitasi va Markaziy bank ikki oy ichida avtomatlashtirilgan “Bank-soliq” axborot almashinuvi maxsus modulini ishlab chiqib, texnologik yo‘riqnomani tasdiqlaydi. To‘rt oy muddatda esa banklarning axborot tizimlari mazkur modul orqali soliq organlarining tizimlari bilan integratsiya qilinadi.
Banklarning soliq nazorati bilan bog‘liq majburiyatlarini bajarish va soliq organiga o‘z vaqtida axborot taqdim etishga asos qilib O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi hamda Prezidentning 2025 yil 10 dekabrdagi “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 246-son va 2026 yil 19 maydagi “Soliq organlari faoliyatini institutsional jihatdan takomillashtirish va soliq ma’muriyatchiligida zamonaviy yondashuvlarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 95-son Farmonlari keltirilgan.
Qayd etilishicha, hujjatning asosiy maqsadi naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish hamda bank va soliq organlari o‘rtasidagi axborot almashinuvini raqamlashtirishdan iborat.
Qaror muhokamasi 8 iyul sanasigacha davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Soliq qo‘mitasi O‘zbekistonda fuqarolarning, ayniqsa yuridik shaxslarning plastik kartalaridagi aylanmalari – P2P orqali amalga oshiriladigan pul o‘tkazmalari yanada qattiq nazorat qilinishini xabar qilgandi.
Live
Barchasi