O‘zbekistonda siam egizaklari shoshilinch operatsiya orqali ajratib olindi
Jamiyat
−
08 Oktabr 2025 46213 2 daqiqa
O‘zbekistonlik shifokorlar siam egizaklarini shoshilinch ravishda noyob operatsiya orqali ajratib oldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Chirchiq shahrida joylashgan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Toshkent viloyati filialida noyob operatsiya o‘tkazilgan. Homiladorlikning 33-34-haftasida “kesarcha kesish” yo‘li bilan muddatidan avval dunyoga kelgan siam egizaklari tug‘uruqdan 9 soat o‘tib, shoshilinch ravishda, ustiga-ustak, mahalliy sharoitda o‘ta murakkab amaliyot orqali ajratib olingan.
“Besh soat davom etgan yuqori texnologik operatsiya Respublika perinatal markazi qoshidagi Neonatal xirurgiya markazi rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Ergashev boshchiligidagi bir guruh malakali mutaxassislar tomonidan bajarildi”, deyiladi xabarda.
Bugun, 8 oktyabr kuni Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov ushbu chaqaloqlar holidan xabar olgan.
“Bunday o‘ta murakkab amaliyotlar hamma davlatlarda ham amalga oshirilavermaydi. Hatto, tibbiyoti taraqqiy etgan mamlakatlarda ham uzoq muddatli tahlillar va katta tayyorgarlikdan so‘ng bajariladi. Chunki bu – o‘ta noyob operatsiya. Mana shunday muddatidan avval tug‘ilgan siam egizaklarining shoshilinch ravishda hamda viloyat darajasida muvaffaqiyatli ajratib olinishi mamlakatimiz tibbiyoti yangi bosqichga ko‘tarilganining yorqin dalilidir”, deydi vazir.
Bildirilishicha, siam egizaklarini ajratib olish operatsiyasida ishtirok etgan bir guruh mutaxassislar vazir vazir tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. Salomatligi yaxshilangan chaqaloqlar va ularning onasiga bugun shifoxonadan uyiga javob berilgan.
Live
Barchasi