O‘zbekistonda qidirilayotgan 12 kishi BAAdan ekstraditsiya qilindi
3-sahifa
−
26 iyun 7114 2 daqiqa
O‘zbekiston va Abu-Dabi Interpol Milliy markaziy byurolarining hamkorlikdagi harakatlari natijasida, Birlashgan Arab Amirliklari politsiyasining ko‘magi bilan qidiruvda bo‘lgan 12 nafar shaxs BAA hududidan O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, arab hamkasblari bilan o‘tkazilgan virtual uchrashuvda shaxslarni aniqlash va topshirish bo‘yicha tezkor-qidiruv tadbirlarini faollashtirish va o‘tkazishda ikki tomonlama yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilingan. Turli jinoyatlar sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan uch nafar shaxsni topshirish tasdig‘i olingan. Shuningdek, keyingi harakatlarni belgilash uchun kuzatuv guruhi BAAga kelganda uchrashish taklif etilgan.
Abu-Dabi Interpol Milliy markaziy byurosi va Dubay politsiyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Birlashgan Arab Amirliklari hududida yashiringan hamda u yerda faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonlik jinoiy unsurlar haqida konstruktiv muhokamalar olib borilgan. Uchrashuvning birinchi qismida arab va o‘zbek tomonlari o‘zaro hamkorlikda qidiruvdagi shaxslar hamda gumonlanuvchilar ro‘yxatini almashgan.
Bildirilishicha, uchrashuvning ikkinchi qismida Interpolning Toshkentdagi Milliy markaziy byurosi xodimlari qidiruvda bo‘lgan 12 nafar shaxsni O‘zbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilish jarayonini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
“Bu shaxslar mamlakat sud organlari oldida javob berish va munosib jazo olish uchun topshiriladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasidagi Interpol Milliy markaziy byurosi xodimlari kuzatuvida Interpol kanallari orqali huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan odam savdosi uchun qidirilayotgan va uzoq vaqt davomida Turkiya hududida yashirinib yurgan O‘zbekiston fuqarosi Istanbuldan Toshkentga ekstraditsiya qilingandi.
Live
Barchasi