Hindistonga 30 kunlik vizasiz rejim joriy etiladi

Jamiyat

image

Bugun, 30 avgust kuni ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari yuzasidan fikr bildirdilar. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, davlatimiz rahbari Hindiston Bosh vazirining O‘zbekistonga tarixiy tashrifi katta ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidlagan.

O‘zbekiston yetakchisi ushbu sermahsul muzokaralar ikki davlat o‘rtasidagi samimiy do‘stlik, yuksak hurmat va o‘zaro ishonchning yana bir yorqin ifodasi bo‘lganini qayd etgan.

Hindiston jahon miqyosida katta obro‘-e’tibor va nufuzga ega bo‘lgan ishonchli va salohiyatli strategik sherik ekani e’tirof etilgan. Hindistonning raqamli texnologiyalar, dasturiy ta’minot va startaplar sohasidagi ulkan yutuqlari yuqori baholangan.

Shu sabab tashrifga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilgan, salmoqli hujjatlar to‘plami, jumladan, Qo‘shma bayonot qabul qilinib, qator hukumatlararo bitimlar imzolangan.

Ikki tomonlama munosabatlar keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarilgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Ma’lum qilinishicha, asosiy e’tibor iqtisodiy masalalarga qaratilgan. O‘tgan yili o‘zaro savdo aylanmasi hajmi 33 foizga o‘sib, 1,3 milliard dollarni tashkil qilgan. Ushbu raqamni 2030 yilga qadar 5 milliard dollarga yetkazish rejasi belgilangan.

Tashrif doirasida muhim qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli ishlab chiqilgan. Bir qator yirik hind kompaniyalari bilan aniq kelishuvlarga erishilgan.

Muloqotlar davomida energetika, nodir minerallar, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, elektronika, mashinasozlik, zargarlik va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kuchaytirish uchun yangi “o‘sish nuqtalari” belgilab olingani ma’lum qilingan.

Xalqaro va mintaqaviy maydonlarda, jumladan, BMT, SHHT, Qo‘shilmaslik harakati, BRIKS va Global janub mamlakatlari bilan hamkorlik doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi ta’kidlangan.

Madaniy-gumanitar aloqalar haqida so‘z yuritilar ekan, O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta oliygohi faoliyat ko‘rsatayotgani hamda Lal Bahodur Shastri va Mahatma Gandi nomidagi markazlar samarali ishlayotgani e’tirof etilgan.

Shuningdek, 30 kunlik vizasiz tartib va haftasiga 14 marta amalga oshirilayotgan havo qatnovlari turizmni rivojlantirishga katta hissa qo‘shishi ta’kidlangan.

Davlat rahbari so‘zining yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosini to‘liq ta’minlash maqsadida keng qamrovli “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishini bildirib, Hindiston Bosh vaziri va barcha ishtirokchilarga minnatdorlik izhor etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvaloq O‘zbekiston – Hindiston o‘rtasida 10 dan ortiq sheriklik hujjatlari imzolangandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing