O‘zbekistonda Afg‘oniston orqali Hind okeaniga chiqadigan temir yo‘l quriladi
Jamiyat
−
12 yanvar 2023
10484O‘zbekistonda Afg‘oniston orqali Hind okeaniga chiqadigan temir yo‘l qurish loyihasi ilgari surildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 12 yanvar kuni Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi raisligida onlayn shaklda o‘tkazilgan “Global Janub ovozi” sammiti yalpi majlisida qayd etdi.
Ta’kidlanishicha, Afg‘oniston orqali Hind okeaniga chiqadigan temir yo‘l “Shimol-Janub” xalqaro yo‘lagi doirasida amalga oshirilib, Markaziy va Janubiy Osiyo o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirishga qaratiladi.
O‘zbekiston yetakchisi hamkorlarni ushbu muhim loyihada ishtirok etishga chaqirdi.
Shuningdek, global miqyosda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Mirziyoyev O‘zbekiston ilgari surayotgan Afg‘oniston muammosini hal etish bo‘yicha xalqaro muloqot guruhini shakllantirish taklifini qo‘llab-quvvatlashga ham chorladi.
Eslatib o‘tamiz, 2021 yil boshida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston yangi transport yo‘lagi: Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzolagan edi.
U Yevropa Ittifoqini, Rossiyani Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari bilan bog‘lashi kerak.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston aynan Afg‘oniston orqali temir yo‘l qurib, dengizga chiqishni reja qilgan. Bu uchun bir necha yirik loyihalar ham tayyorlangan. 2021 yilning iyul oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” nomli yirik xalqaro anjuman aynan ushbu loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan. Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021 yilning iyun oyida Surxondaryo viloyatiga qilgan tashrifida O‘zbekistonni dengizga olib chiqishi mumkin bo‘lgan “Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor” temir yo‘li qurilishini yuqori baholab, uni “asr loyihasi”, deb atagan edi. Ushbu temir yo‘l liniyasi aynan Surxondaryo viloyatining ma’muriy markazi Termizdan boshlanadi.
LiveBarchasi