O‘zbekistonda 2,1 mingdan ziyod davlat xizmatchisi shtati qisqartiriladi

Jamiyat

image
Hokim o‘rinbosarlari soni qisqartiriladi north_east

Hokim o‘rinbosarlari soni qisqartiriladi

O‘zbekistonda joriy yilning 1 noyabridan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining jami 2141 ta shtati qisqartiriladi. Bu haqda Prezidentning 4 oktyabr kuni qabul qilingan “Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyatiga raqamlashtirishni keng joriy etish hisobiga boshqaruv shtat birliklari sonini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.  

Ushbu farmon davlat organlari faoliyatida zamonaviy bozor mexanizmlari joriy etilishi, ular faoliyatiga raqamli texnologiyalarning keng tatbiq etilishi, shuningdek, davlat funksiyalarini amalga oshirishga xususiy sektorning jalb qilinishi kabi yo‘nalishlarda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan kelib chiqib, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatining samaradorligi va natijadorligini ta’minlash hamda boshqaruv xarajatlarini qisqartirish maqsadida qabul qilingan. 

Farmon bilan Vazirlar Mahkamasining respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni raqamlashtirish hisobiga ularning boshqaruv shtat birliklari sonini maqbullashtirish yuzasidan berilgan takliflari ma’qullangan. 

Farmon ko‘ra, ijro hokimiyatining 2141 ta shtat birligi, jumladan, byudjet tashkilotlaridan 1863 ta, byudjetdan tashqari jamg‘armadan esa 278 ta lavozim shtat jadvalidan chiqariladi. Shuningdek, qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarda rahbar o‘rinbosarlari soni jami 16 taga qisqartiriladi.

Shuningdek, joriy yil 1 noyabrdan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining maqbullashtiriladigan boshqaruv shtat birliklari soni va qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarda maqbullashtiriladigan rahbar o‘rinbosarlari shtat birliklari soni tasdiqlanadi.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari:

  • sohaga oid bo‘lmagan vazifalarning qisqartirilishi va faoliyatiga raqamli texnologiyalarning joriy etilishini;
  • ma’lumotlarni qayta ishlash hamda sun’iy intellektga asoslangan loyihalarni ishga tushirish uchun texnik infratuzilma yaratish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida mazkur yo‘nalishdagi ustuvor loyihalar amalga oshirilishini;
  • sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha aholining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, kadrlar salohiyati rivojlantirilishini ta’minlaydi.

Bundan tashqari, Raqamli texnologiyalar vazirligi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ularning vazifa va funksiyalarini raqamli texnologiyalar asosida takomillashtirish, avtomatlashtirish hamda raqamlashtirish bo‘yicha ishlarni olib borishi belgilandi.

Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari:

  • bir hafta muddatda markaziy apparat va idoraviy bo‘ysunuvdagi tashkilotlar xodimlari sonini maqbullashtirish bo‘yicha komissiyalar tashkil etsin hamda qisqartiriladigan lavozimlar ro‘yxatini tasdiqlaydi;
  • shtat birliklari qisqartirilayotgan xodimlar bilan mehnatga oid munosabatlarda mehnat qonunchiligi talablariga qat’iy amal qilinishi hamda xodimlarning mehnat huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikni ta’minlashi lozim.

Shu bilan birga, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi bilan birgalikda shtat birliklari qisqartirilgan xodimlarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish choralarini ko‘radi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortik bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari aksiyadorlar (ishtirokchilar) umumiy yig‘ilishida, shuningdek, davlat korxonalari boshqaruv organlarida kamida bir nafardan rahbar o‘rinbosari lavozimlarini qisqartirish, shuningdek, boshqaruv xodimlari sonini 10 foiz miqdorida maqbullashtirish tashabbusi bilan chiqishi kerak. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining telefon raqami, pochtasi va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari haqidagi axborotlarni nazarda tutuvchi ma’lumotlar bazasi yaratilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

shtat davlat xizmatchisi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing