O‘zbekiston yerlari chet elliklarga sotib yuborilayaptimi?
Jamiyat
−
06 mart 17681 2 daqiqa
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekiston yerlari chet elliklarga berib yuborilayotgani yoki sotilayotgani” haqida xabarlar tarqalmoqda. Mazkur xabarlar yuzasidan Kadastr agentligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) talablari Yer kodeksi bilan belgilangan hamda uning 17-moddasiga muvofiq chet ellik fuqarolar va yuridik shaxslar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar yer uchastkalariga faqat ijara huquqi asosida ega bo‘lishi mumkin.
24-moddasiga muvofiq chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet el jismoniy va yuridik shaxslariga yer uchastkalari ijaraga beriladi.
Shuningdek, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq chet ellik fuqarolar, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, chet el yuridik shaxslari, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar, shuningdek, davlat organlari, muassasalari, korxonalari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xususiylashtirish sub’ektlari bo‘lmaydi, ya’ni chet elliklarga yer xususiylashtirib berilmaydi.
Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi yerlarini hatto O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari ham xususiylashtirib ololmaydi.
“Shunday ekan, yerlarimiz chet el fuqarolariga berib yuborilyapti mazmunidagi xabarlar asossiz va oxirigacha o‘rganilmasdan chiqarilgan xabarlar. Shu o‘rinda fuqarolarimizdan har xil aldovlarga uchmasliklarini, ijtimoiy tarmoq faollaridan esa yolg‘on va asossiz xabarlarni tarqatmaslikni so‘rab qolamiz. Zero, oxiri o‘ylanmay qilingan yuqoridagi kabi holatlar aholida norozilik, Qonunlarga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini keltirib chiqarishi hatto, investitsiya muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini unutmang”, deyiladi munosabatda.
Live
Barchasi