O‘zbekiston va YeI sun’iy yo‘ldosh interneti bo‘yicha kelishuv imzoladi
Jamiyat
−
19 mart 2852 3 daqiqa
O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan ikki strategik loyiha bo‘yicha kelishuv imzoladi. Bu haqda YeIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi mustahkam hamkorlik Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissar Jozef Sikela tashrifi davomida yanada chuqurlashgan va bunda Global Gateway – Global Darvoza strategiyasiga ulkan e’tibor qaratilgan. Tashrif davomida raqamli o‘zaro aloqadorlikni kengaytirish, barqarorlikni rivojlantirish va muhim xomashyo orqali ish o‘rinlari yaratish hamda Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish orqali savdoni oshirish masalalariga urg‘u berilgan. Shuningdek, Global Darvozaning infratuzilma va toza energiya yechimlarini qo‘llab-quvvatlashdagi o‘rni ham muhokama qilingan.
“Markaziy Osiyoda raqamli o‘zaro aloqadorlikni rivojlantirish bo‘yicha Yevropa jamoasi tashabbusi” doirasida komissar Sikela Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan ikki strategik loyiha bo‘yicha kelishuvlarning imzolanishiga guvoh bo‘lgan.
“Markaziy Osiyo uchun aloqa (C4CA) loyihasi” – ushbu loyiha butun mintaqada raqamli infratuzilma va integratsiyani yaxshilashga qaratilgan. U Markaziy Osiyo mamlakatlarini yaxshiroq bog‘lashga, hamkorlik va iqtisodiy almashinuvni rivojlantirishga xizmat qiladi. Raqamli integratsiyani oshirish orqali loyiha iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi, onlayn xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilaydi hamda mintaqadagi raqamli tafovutni bartaraf etishga yordam beradi.
“Markaziy Osiyoning olis hududlari aholisi uchun sun’iy yo‘ldosh aloqasi” loyihasi – ushbu tashabbus chekka va olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlashga qaratilgan. Bu loyiha internetga ishonchli kirish imkoniyati cheklangan yoki umuman mavjud bo‘lmagan qishloq va olis hududlar aholisi uchun ta’lim, sog‘liqni saqlash va iqtisodiy rivojlanish sohalarida raqamli imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiladi. Loyiha Yevropa Ittifoqining inklyuziv raqamli aloqani rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli maqsadlariga mos kelib, barcha fuqarolarning muhim xizmatlarga ega bo‘lish imkoniyatini ta’minlash hamda raqamli iqtisodiyotda ishtirok etishiga yordam beradi.
“Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston butun Markaziy Osiyo bo‘ylab internet aloqasini yaxshilash yo‘lida birgalikda ishlamoqda. Yevropa texnologiyalari va O‘zbekistoning tajribasi ko‘proq odamlarga tezkor va xavfsiz internetdan foydalanish imkoniyatini yaratadi, bizneslarni qo‘llab-quvvatlab, yangi ish o‘rinlarini yaratadi hamda mahalliy jamoalar uchun yashash sharoitlarini yaxshilaydi. Raqamli aloqaga sarmoya kiritish orqali biz bo‘shliqlarni to‘ldirmoqdamiz, imkoniyatlar yaratmoqdamiz va Markaziy Osiyo mintaqasining raqamli iqtisodiyotdan to‘liq foyda olishini ta’minlamoqdamiz”, deydi komissar Sikela.
Shuningdek, Sikela Olmaliq tog‘-kon metallurgiya kombinatiga tashrif buyurib, barqaror resurslarni rivojlantirish va muhim xomashyo sohasida mas’uliyatli investitsiyalar imkoniyatlarini o‘rgangan.
“Global Darvoza strategiyasi raqamli, energetika va transport sohalarida barqaror aloqalarni mustahkamlash hamda ta’lim va tadqiqot tizimlarini rivojlantirish orqali jahon investitsiya bo‘shliqlarini bartaraf etishga qaratilgan Yevropa Ittifoqining sodiqligini namoyon etadi. 2021–2027 yillar oralig‘ida mazkur tashabbus doirasida 300 milliard yevro miqdorida davlat va xususiy investitsiyalarni jalb qilish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu global barqaror o‘sish va mustahkam hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jozef Sikela O‘zbekistonga tashrif buyurgani xabar qilingandi. Keyinroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Jozef Sikela boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgandi. Suhbatda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
Live
Barchasi