“O‘zbekiston uchun sharmandali vaziyat boshqa davom etishi mumkin emas” – Karimovaning advokati yana Toshkentga keldi
Jamiyat
−
17 iyun 2019
16799Jenevadagi Mangeat Attorneys at Law advokatlik idorasi egasi va rahbari Greguar Manja yana Toshkentga keldi. Advokat mijozi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan uchrashish uchun Zangiotadagi mahbuslar koloniyasiga bordi.
“Zangiotaga kelganimga deyarli ikki soat bo‘ldi. Hamon ko‘rishish uchun kutyapman”, degan Greguar Manja Twitter`dagi sahifasida.
Advokat bundan bir necha kun ilgari yozib qoldirgan tvitida Toshkentga borishi va mijozining o‘zboshimchalik bilan hibsda saqlanishiga barham berishga harakat qilishini yozib qoldirgan.
“Kelasi haftada Gulnora Karimovaning o‘zboshimchalik bilan hibsda saqlanishiga chek qo‘yishga va uning doimiy ravishda normal tibbiy yordam olishini ta’minlash uchun Toshkentga, Zangiota koloniyasiga qaytaman. O‘zbekiston uchun sharmandali hisoblangan bu vaziyat boshqa davom etishi mumkin emas”, deb yozgan Manja.
Avvalroq, shveysariyalik advokat mijoziga tibbiy yordam ko‘rsatilmayotgani va unga ruhiy bosim o‘tkazilayotgani haqida ma’lum qilgandi. Ammo O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ushbu xabarlarni rad qildi va Gulnora Karimovaning ahvoli qoniqarli ekanini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Gulnora Karimova 5 mart kuni o‘z uyida hibsga olinib, jazoni o‘tash uchun umumiy tartibli koloniyaga olib ketilgandi.
Karimova jazoni o‘tash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi sababli jinoyat-ijroiya qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining taqdimnomasiga asosan, jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.
LiveBarchasi