Gulnora Karimovaning 43,5 mln dollar puli nimaga sarflanishi aytildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Shveysariyada musodara qilingan pullaridan 43,5 mln dollar tibbiyotga yo‘naltirildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasidagi Restitutsiya bitimi doirasida amalga oshirilgan sog‘liqni saqlash sohasidagi ilk qo‘shma dastur yakunlangan. Dastur “Ishonch” jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan ilk loyiha bo‘lib, UNICEF, UNFPA hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hamkorligida amalga oshirilgan. Loyiha uchun 43,5 million AQSH dollari ajratilib, mablag‘lar onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini rivojlantirish, perinatal xizmatlar sifatini oshirish hamda tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilgan.

Dastur doirasida respublika bo‘ylab 231 ta perinatal muassasa zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. Buning uchun 31 million dollardan ortiq mablag‘ evaziga inkubatorlar, sun’iy nafas oldirish apparatlari, anesteziya tizimlari va boshqa tibbiy jihozlar xarid qilinib, hududlardagi perinatal markazlarga yetkazib berilgan.

Shuningdek, 80 mingdan ortiq tibbiyot xodimi zamonaviy perinatal yordam, murakkab homiladorlik holatlarini boshqarish, muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarni parvarishlash hamda laboratoriya diagnostikasi bo‘yicha malaka oshirgan. Bundan tashqari, onalik va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga tibbiy yordam ko‘rsatishga oid 49 ta klinik protokol ishlab chiqilgan yoki yangilangan.

Ma’lum qilinishicha, homiladorlik davrida muntazam tibbiy kuzatuvning ahamiyatini targ‘ib etishga qaratilgan axborot kampaniyalari orqali 20 millionga yaqin fuqaro qamrab olingan. Natijada 4 millionga yaqin aholi sifatli onalik va perinatal xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lgan.

Monitoring natijalariga ko‘ra, oldini olish mumkin bo‘lgan onalar o‘limi ulushi 2022 yildagi 77,3 foizdan 62,8 foizgacha, ya’ni 14,5 foiz bandga kamaygan. Shuningdek, tana vazni juda past bo‘lgan yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning omon qolish ko‘rsatkichi dastur boshlanganidan buyon qariyb 13 foizga yaxshilangan.

Vazirlikka ko‘ra, loyiha doirasida laboratoriya xizmatlari salohiyatini mustahkamlash, korrupsiyaning oldini olish mexanizmlarini joriy etish hamda homilador ayollarni tibbiy kuzatuv bilan to‘liq qamrab olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar ham amalga oshirilgan.

Ma’lumot uchun, “Ishonch” jamg‘armasi Shveysariyada musodara qilingan Gulnora Karimovaga aloqador aktivlarni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha Restitutsiya bitimi asosida tashkil etilgan. Jamg‘arma mablag‘lari sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaning Shveysariyada musodara qilingan pullaridan 20 mln dollar ta’lim olish imkoniyatlarini yaxshilash uchun ajratilishi haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing