O‘zbekiston Tojikistondan yiliga 700 ming tonna temir sotib oladi
Jamiyat
−
13 iyul 2251 2 daqiqa
O‘zbekiston Tojikistondan yiliga 700 ming tonna temir xomashyosini sotib olish bo‘yicha memorandum imzolagan. Bu haqda bugun, 13 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tkazayotgan qora metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, mamlakatda 1,5 milliard tonna temir ruda zaxirasi mavjud. “Surun-ota” konidan yiliga 650 ming tonna temir xomashyosini olish bo‘yicha xitoylik hamkorlar bilan kelishuvga erishilgan.
Ushbu kondan temir konsentrati 2027 yildan boshlab kombinatga yetkazib berilishi shartligi belgilangan.
Bundan tashqari, “Tebinbuloq” konini uch-to‘rt yilda ishga tushirish orqali yiliga 1 million tonna po‘lat ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.
Tojikistondan yiliga 700 ming tonna temir xomashyosini sotib olish bo‘yicha memorandum imzolangani qayd etilib, tez fursatda shartnomani rasmiylashtirish va kelgusi yildan xomashyo olib kelishni boshlash vazifasi qo‘yilgan.
Metallurgiya sohasidagi yirik xususiy korxonalar ham geologiya-qidiruv ishlari, konlardan xomashyo qazib olish va tayyor mahsulotgacha bo‘lgan to‘liq texnologik zanjirni tashkil etishga tayyor ekani ta’kidlangan.
Samarqanddagi korxona, agar unga temir koni berilsa, xomashyo qazib olishga 500 million dollargacha sarmoya kiritish tashabbusini bildirgan. Bekobod metallurgiya kombinati esa xomashyo bazasini kengaytirish uchun Forishdagi 32 million tonna temir resursiga ega “Temirkon”ni o‘zlashtirishni so‘ragan.
Prezident buning uchun sharoit yaratish yuzasidan topshiriqlar bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda metall mahsulotlarga yillik ehtiyoj 2030 yilgacha 1,5 barobar oshishi kutilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi