O‘yin vaqtida chaqmoq urgan futbolchi vafot etdi
Sport
−
07 iyul 20779 2 daqiqa
Malayziyaning Malakka shahrida bo‘lib o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvi vaqtida futbolchi R. Tanesh chaqmoq urishi oqibatida vafot etdi. Bu haqda “Astro Awani” nashri xabar berdi.
28 yoshli Tanesh “Tanjung Minyak” klubi safida “Rembau Indian Veteran” jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushgan. Bahs mahalliy vaqt bilan soat 17:30 da boshlangan. Uchrashuv boshlanganidan o‘n daqiqa o‘tib yengil yomg‘ir yog‘a boshlagan, ortidan esa momaqaldiroq gumburlagan. Shu paytda Tanesh, hakam hamda yana bir kishi maydonda yiqilgan.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, futbolchining tanasining pastki qismi qattiq kuygan. U hushsiz holatda shaxsiy avtomashinada shifoxonaga olib borilgan, ammo shifokorlar uning hayotini saqlab qola olmagan. Hakam ham shifoxonaga yotqizilgan, uchinchi jabrlanuvchiga esa tibbiy yordam talab etilmagan.
Malayziya futbol assotsiatsiyasi (FAM) marhumning yaqinlariga hamdardlik bildirib, mahalliy futbol assotsiatsiyasi hamda uchrashuv tashkilotchilaridan hodisa yuzasidan to‘liq hisobot taqdim etishni talab qilgan.
“Bu voqea futbol jamoatchiligi uchun xavfsizlik har doim eng ustuvor masala bo‘lishi kerakligini yana bir bor eslatadi. Biz real vaqt rejimida xavf haqida ogohlantira oladigan chaqmoqni aniqlash tizimlaridan foydalanishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ob-havo sharoiti sababli o‘yinni to‘xtatish yoki boshqa vaqtga qoldirish — bu mas’uliyatli qaror, zaiflik alomati emas”, dedi FAM bosh kotibi Datuk Nur Azman Rahmon.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Argentinada futbol o‘yini vaqtida 14 yoshli futbolchi ko‘kragiga to‘p tegishi oqibatida vafot etgandi.