Ukraina to‘liq o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor – Zelenskiy

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyev o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini aytdi. Bu haqda davlat rahbari o‘zining Telegram-kanalida yozdi.

“Ukraina yetarli muddatga to‘liq va so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor, bu tinchlikka birinchi qadam bo‘lishi kerak. Bu borada bizni qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorlik bildiramiz”, deb yozgan Zelenskiy.

Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u yaqinda Lyuksemburg Tashqi ishlar vaziri Ksave Bettel va mamlakat Mudofaa vaziri Yuriko Backes bilan uchrashgan. Zelenskiy Kiyevga harbiy yordam ko‘rsatgani va energetika sohasini qo‘llab-quvvatlagani uchun ularga minnatdorlik bildirgan. Tomonlar, shuningdek, mustahkam tinchlikka erishish uchun diplomatik sa’y-harakatlarni muhokama qilgan.

Bundan tashqari, Ukraina prezidenti Kiyevning ittifoqchilarini “Moskva muzokaralar stoliga o‘tirishi uchun Rossiyaga bosimni kuchaytirishga” chaqirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya “50 kundan ortiq vaqt davomida Amerikaning o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifini e’tiborsiz qoldirgan va Ukrainaning tegishli tashabbuslarini rad etgan”.

“Shuning uchun diplomatik sa’y-harakatlarni kuchaytirish kerak – biz Rossiyaga og‘zini yopish va muzokara boshlash uchun bosim o‘tkazishda davom etishimiz kerak. Sanksiyalar qanchalik samarali bo‘lsa, Rossiya urushni tugatish uchun shunchalik ko‘p rag‘batlarga ega bo‘ladi”, dedi Zelenskiy.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Kit Kellogg “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida AQSH Ukrainaga mojaroning tugatilishi bo‘yicha 22 ta aniq shartni taqdim etgani va Kiyev ularni qabul qilganini, Ukraina Rossiya tomonidan amalda nazorat qilinayotgan hududlardan voz kechishga tayyor ekani, biroq bu yuridik jihatdan tan olinmasligini aytgandi

Trampning o‘zi esa 29 aprel kuni ABC News telekanaliga bergan intervyusida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin davom etayotgan hujumlarga qaramay, Ukrainadagi urushni to‘xtatmoqchi ekanini, Putin uni hurmat qilgani uchun butun Ukrainani egallamaganini aytdi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron esa “Paris Match” nashriga bergan intervyusida yaqin 8-10 kun ichida Fransiya hukumati Rossiyaga bosimni imkon darajada kuchaytirishini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing