Ukraina NATOga hech qachon qo‘shilmaydi – sobiq bosh qo‘mondon
Olam
−
09:37 1517 2 daqiqa
Ukrainaning Buyuk Britaniyadagi elchisi, mamlakat Qurolli kuchlari sobiq bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Ukraina hech qachon NATOga a’zo bo‘lmasligi mumkinligini bildirdi. Bu haqda u Kiyevda o‘tgan elchilar yig‘inidagi yevroatlantik integratsiyaga bag‘ishlangan muhokamada aytdi.
Zalujniyning ta’kidlashicha, u qariyb 12 yil davomida Ukraina armiyasini NATO standartlariga moslashtirish bilan shug‘ullangan, ammo har yili mamlakatning alyansga yaqin orada qabul qilinishi haqidagi va’dalarni eshitgan.
“Men NATOni juda yaxshi bilaman. Qariyb 12 yil shaxsan NATO standartlarini o‘zlashtirish bilan shug‘ullandim va har yili “mana, hozir NATOga kirasizlar” degan ertaklarni eshitdim. Afsuski, biz hech qachon unga kirmaymiz”, degan Zalujniy.
Uning fikricha, muammo NATO standartlarining bugungi zamon talablariga javob bermasligida. Zalujniyning aytishicha, Ikkinchi jahon urushi doktrinalariga tayanuvchi tashkilotga Ukraina Qurolli kuchlarining hozirgi rivojlanish darajasi bilan qo‘shilish mumkin emas.
“Ehtimol, NATO hozirgi ko‘rinishicha qoladi va yana kamida 12 yil Ukraina kabi yetib olish kerak bo‘lgan standartlarga o‘tadi. Bu standartlar hatto Rossiya Federatsiyasi darajasining yarmiga ham tenglashish uchun zarur”, degan u.
Sobiq bosh qo‘mondon Ukrainaga hozircha NATO mamlakatlarida mavjud bo‘lgan ayrim texnologiyalar kerakligini tan olgan. Biroq uning fikricha, mamlakat kelajakda endi shakllanadigan harbiy-siyosiy ittifoqlarga, ehtimol Yevropa xavfsizlik blokiga qo‘shiladi.
Shuningdek, Zalujniy Ukraina Buyuk Britaniya boshchiligidagi Birlashgan ekspeditsiya kuchlari (JEF) harbiy koalitsiyasiga qo‘shilish ustida ishlamayotganidan afsus bildirgan. Uning ta’kidlashicha, NATOdan farqli ravishda, JEF ishtirokchilarning o‘zaro mudofaa majburiyatini nazarda tutmaydi.
Ma’lumot uchun, Valeriy Zalujniy 2021–2024 yillarda Ukraina Qurolli kuchlariga qo‘mondonlik qilgan. U lavozimni yuqori jamoatchilik ishonchi bilan tark etgan va OAV ma’lumotlariga ko‘ra, navbatdagi prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi mumkin.
2026 yil iyun oyidagi so‘rovlarga ko‘ra, Zalujniyni ukrainaliklarning 16 foizi, amaldagi Prezident Vladimir Zelenskiyni esa 32 foizi qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pentagon Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berish va Ukraina Qurolli kuchlari askarlarini o‘qitishni muvofiqlashtiruvchi Ukrainaga xavfsizlikni ta’minlashda ko‘maklashish guruhiga (Security Assistance Group, SAG-U) boshchilik qilishni to‘xtatishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi