UEFA Infantinoning o‘rniga Xelayfi nomzodini ko‘rib chiqyapti
Sport
−
30 iyul 1509 2 daqiqa
Yevropa futbol assotsiatsiyalari 2027 yilda bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidentligi saylovlarida “Pari Sen-Jermen” prezidenti Nosir Al-Xelayfini amaldagi rahbar Janni Infantinoga muqobil nomzod sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda “Politico” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, bir qator Yevropa futbol doiralari Al-Xelayfining nomzodini qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Ayni paytdagi bahslarning asosiy mavzusi FIFA’ning yangi tijorat tashkilotini tuzish rejasi hisoblanadi.
FIFA rahbariyati xususiy tashkilotga Jahon chempionati kabi yirik musobaqalarning media va tijorat huquqlarini boshqarish vakolatini berishni rejalashtirmoqda. Loyihani moliyalashtirish uchun tashkilot aksiyalarining taxminan 20 foizini sotish orqali 4,2 milliard dollargacha investitsiya jalb qilish ko‘zda tutilgan. Buning evaziga FIFA prezidenti Janni Infantino milliy futbol federatsiyalariga qo‘shimcha subsidiyalar ajratilishini taklif qilgan.
Biroq mazkur tashabbus bir qator yirik futbol konfederatsiyalarining keskin tanqidiga uchradi. Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA), Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib dengizi futbol konfederatsiyasi (CONCACAF) hamda Osiyo futbol konfederatsiyasi (OFK) ushbu rejaga qarshi chiqdi.
UEFA hatto umumiy pozitsiyani ishlab chiqish maqsadida favqulodda onlayn yig‘ilish o‘tkazdi. Muhokamalar davomida FIFA homiyligidagi ayrim musobaqalarni, jumladan, Jahon chempionatini ham boykot qilish ehtimoli ham tilga olingan.
Qayd etilishicha, Infantinoga muqobil nomzod masalasi 2026 yilgi Jahon chempionati vaqtida Yevropa federatsiyalari vakillari orasida yanada faol muhokama qilingan. Asosiy nomzod sifatida “Pari Sen-Jermen” prezidenti va Qatar Sports Investments rahbari Nosir Al-Xelayfi ko‘rilmoqda. U 2011 yildan buyon PSJni boshqarib kelmoqda, 2021 yildan esa Yevropa klublari assotsiatsiyasi (EKA) raisi sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek, Al-Xelayfi UEFA Ijroiya qo‘mitasi a’zosi hamda FIFA Kengashida EKA vakili hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, Janni Infantino FIFA prezidenti lavozimini 2016 yildan buyon egallab kelmoqda. Tashkilot rahbari saylovi 2027 yil 18 mart kuni Marokash poytaxti Rabot shahrida bo‘lib o‘tadi.
Live
Barchasi